Chortoq tuman fermerlari kengashining fermer xo‘jaliklari rahbarlariga M U R O J A A T I
2026-09-11 11:50:00 / Yangiliklar
YIL BO‘YI QILINGAN MEHNATINGIZNI QADRLANG,
PAXTADAN YUQORI HOSILDORLIKKA ERISHING!
Hurmatli fermer xo‘jaligi rahbarlari!
Bugun o‘ta mas’uliyatli pallaga kirdik. Paxta dalalarimizda yil davomida uyushqoqlik bilan olib borilgan agrotexnik tadbirlar natijasida katta paxta xirmoni uchun yetarli hosil yaratildi.
Uni qisqa muddatlarda sifatli va to‘liq yig‘ib olish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz.
Paxta terimi mavsumi davrida fermer xo‘jaliklariga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan keng foydalanib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston fermerlari kengashining tavsiyalarini inobatga olib, ishlarni to‘g‘ri va oqilona tashkil etish muhim.
Bu borada tuman fermerlari kengashlari tajribali ustoz fermerlar bilan birgalikda o‘zining beminnat yordamini ayamaydi.
Shu kunlarda ayrim joylarda kuzatilayotgan hali to‘liq yetilmagan, vazn to‘plash jarayonidagi paxtani terib olish holatlariga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini yana bir bor eslatishni lozim deb hisoblaymiz. Shoshqaloqlik bilan terimni erta boshlash yillik mehnat samarasiga salbiy ta’sir qiladi.
Gʻo‘zada yashil barglar va yetilayotgan ko‘saklar mavjud bo‘lsa, dala hali terimga to‘liq tayyor emas. Shu bois defoliatsiya va desikatsiya tadbirlarini agrotexnik talablar asosida, o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, hosilning to‘liq yetilishi uchun zarur sharoitni yaratish muhim.
Paxta dalangizda to‘g‘ri agrotexnologiyaga rioya qilinsa, gektaridan qo‘shimcha 10–20 syentnergacha paxta olish imkoniyati mavjudligini mutaxassislar ta’kidlashmoqda. Shunda gektaridan mo‘ljallangan 50-60 syentner o‘rniga 70-80 syentner hosil olishga puxta zamin yaratasiz.
Aziz fermerlar!
Shu bilan birga, defoliatsiya va desikatsiyadan keyin dalalarni "paxtaning vazni oshadi" degan maqsadda sug‘orish noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
Bu g‘o‘zaning qayta ko‘karishiga, yangi barglar chiqarishiga va hosilning yetilish jarayoni kechikishiga olib kelishi mumkin. Terimga tayyorlangan dalalarda agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilish zarur bo‘ladi.
Har bir fermer va klaster uchun bu jarayondagi asosiy vazifa — dalaning holatini to‘g‘ri baholash, hosil to‘liq yetilmasdan terimga shoshilmaslik va mavjud imkoniyatdan samarali foydalanishdir.
Har bir gektar, har bir ko‘sak va har bir syentner hosil — yil davomidagi mehnatning natijasidir.
Mo‘l hosil faqat uni yetishtirish bilan emas, balki uni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish bilan ham yaratiladi.
Yillik mehnat samarasini shoshqaloqlikka boy bermaylik — har bir daladan yuqori hosil olish uchun agrotexnik talablarga to‘liq amal qilaylik.
Mirishkor va fidoyi fermerlar!
Quyidagi tadbirlarga rioya qilgan holda ishlarni amalga oshiring!
Birinchidan, dalangizni yana bir bor ko‘zdan kechirib, paxta dalalarini to‘liq pishirib, terimga puxta tayyorlaning;
Ikkinchidan, defoliatsiya va desikatsiya qilinmagan maydonlaringizda defoliatsiyani sifatli tashkil eting;
Uchinchidan, Desikatsiyadan keyin dalalarni asossiz sug‘ormaslik;
To‘rtinchidan, hosil to‘liq yetilib, zarur agrotexnik tadbirlar yakunlanmasdan terimni boshlamang;
Beshinchidan, g‘o‘zapoya hali to‘liq qurimagan va o‘simlikda yashil barglar mavjud bo‘lgan dalalarga terimga tushishga yo‘l qo‘ymang hamda dalangiz terimga tayyorligiga ishonch hosil qilganingizda terimga tushing;
Oltinchidan, terimga tayyor dalangizni aslo sug‘ormang;
Yettinchidan, paxta terish mashinalari bilan terishda dalalarni shay holatga keltiring, zarur tayyorgarlikni ko‘ring;
Sakkizinchidan, paxta yig‘im terimiga mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi talablariga rioya etgan holda tashkil etishingizni hamda har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanmang.

Qadrli fermerlar!
Paxta xomashyosini qabul qilish jarayonida noxolis munosabat bo‘lganda asossiz chegirmalar qo‘llanilganda Kengash mutaxassislari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Sizning murojaatingizni ko‘rib chiqib, ishonchli tarzda himoya qiladi.
Barchangizni mavsumni yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etib, yil davomida qilingan mashaqqatli mehnatingizni qadrlab, paxtangizni to‘liq pishirgandan keyin terib olishga chaqiramiz.
Bu orqali Siz o‘z xarajatlaringizni qoplab, yuqori daromad olishga erishing.
Xirmoningizga baraka tilaymiz, aziz fermerlar.
Chortoq tuman fermerlari kengashi
