Chortoq tumanida Mustaqillikning 35 yilligiga munosib ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda
2026-07-27 17:10:00 / Yangiliklar
Chortoq tumanining Gulshan mahallasida "Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla" dasturi doirasida keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Ayni paytda mahallada 3,2 kilometr ichki koʻchalarni asfaltlash hamda 3 kilometr piyodalar yoʻlaklarini barpo etish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Ushbu ishlar toʻliq yakunlangach, Gulshan mahallasida asfalt boʻlmagan ichki koʻcha qolmaydi. Aholi uchun esa xavfsiz va zamonaviy piyodalar infratuzilmasi yaratiladi.
Shu bilan birga, mahalladagi 26-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida mukammal taʼmirlash ishlari olib borilib, har tomonlama qulay va zamonaviy koʻrinishga keltirildi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ommaviy sportga keng jalb qilish maqsadida esa mahallada zamonaviy mini futbol stadioni ham barpo etilmoqda.

Bu bunyodkorlik ishlarining barchasi Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, har bir mahallani yashash uchun yanada qulay hududga aylantirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijasidir.
Eng asosiysi, ushbu ezgu ishlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgani mahalla ahli uchun alohida quvonch bagʻishlamoqda. Gulshanliklar bu oʻzgarishlarni mustaqillik bayramiga munosib tuhfa, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti va xalqparvar siyosatining yana bir amaliy ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qarshi olmoqdalar.









