Poliz shirasi (Aphis gossypii)
2026-07-27 08:00:00 / Yangiliklar
Poliz shirasi- Aphis avlodi haqiqiy shiralar oilasiga mansub bo‘lgan hasharotdir. Qanotsiz shiraning tanasi tuxum shaklda bo‘lib, bo‘yi 1,25-2,1 mm ga boradi. Rangi ko‘kish yoki sariqdan to to‘q yashilgacha, bahor va yoz oylarida ko‘pincha o‘tsimon-yashil tuslarda, kuzda esa to‘q yashil rangda bo‘ladi.Poliz shirasi hammaxo‘r zararkunanda bo‘lib, o‘simliklarning 46 turiga shikast yetkazadi. Gʻo‘za, sabzavot va poliz ekinlariga qattiq zarar yetkazadi. Poliz shirasi begona o‘tlarda, xususan tugmachagul, yovvoyi xantal kabi o‘simliklarda lichinka va yetuk zot bosqichida qishlaydi. U aprel oyida qishlovdan chiqadi va dastlabki vaqtda begona o‘tlarda urchiydi, may oyining boshida g‘o‘zaga, poliz ekinlariga uchib o‘tadi. May-iyun va sentyabr-oktyabr oylarida yoppasiga urchib ko‘payadi.
Shiralar haroratga qarab 3-20 kun rivojlanadi. Mavsum davomida 20-26 tagacha bo‘g‘in beradi. Urg‘ochilari yozda 18 kun yashaydi va 150 tagacha lichinka beradi. Lichinkalar rivojlanib to‘rt marta tullaydi va beshta yoshni kechiradi. Oz-ozdan yog‘in tushib turadigan sernam bahor ob-havosi o‘simlik shiralarining rivojlanishiga yordam beradi, ammo kuchli yomg‘irlar ularni qisman yo‘qotadi.
Qarshi qurash Bahorda zararkunanda ko‘plab urchish xavfi tug‘ilganda tutlarning novdalari kesib olingach maxsus himoya qilish tadbirlarni amalga oshirish mumkin. Ekin maydonlarda har 1 bargda 20-30 ta zararkunanda mavjud bo‘lganida (umumiy maydonning 10-15% zararlansa) shiralarga qarshi ENTOLUCHO 20% em. k. - 0,15-0,2 l/ga; IMITRIN 20% em. k. - 0,15 l/ga; KOMPRADOR 35% sus.k, -0,1 l/ga; Insector 350 SC. -0,1 l/ga. (imidakloprid) MOSPILAN20% n. kuk. 0,15 kg/ga; KAMELOT 20% n. kuk. -0,15 kg/ga. (asetamiprid). yoki BI - 58, 40% 1,5 -2,0 l/ga; CANSACOR 40 EC- 2,0 l/ga (dimetoat) kimyoviy vositalari bilan ishlov berish mumkin.

Namangan viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Chortoq tumani bo‘limi fitosanitar nazorat davlat inspektori Ibragimov Boburjon
