Muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-07-08 08:25:00 / Yangiliklar
Chortoq tumanida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolar xavfsizligini ishonchli ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Chortoq tumani hokimi I. Sattarov, Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. Bozorov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i M. Nu’manov hamda mahalla yettiligi ishtirok etdi.
Tadbir davomida mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan manzilli ishlash, oilaviy nizolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, yoshlar va xotin-qizlar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda mahallalarda tinch va osoyishta muhitni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xavfsizlikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki mahalla faollari, mutasaddi tashkilotlar va keng jamoatchilikning hamkorlikdagi sa’y-harakatlariga bevosita bog‘liq. Shu bois har bir hududdagi mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish hamda profilaktik tadbirlarni aniq natijaga yo‘naltirilgan holda tashkil etish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Yig‘ilish yakunida har bir mahalla kesimida kriminogen vaziyatni doimiy nazorat qilish, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini mustahkamlash hamda xizmat faoliyatida qat’iy intizom va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalarning izchil ijrosi mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, aholi farovonligi hamda xavfsiz hayotini ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.








