Chilonzor tumani 1963- yili 4-yanvar kuni tashkil topgan. Bu tuman Toshkent shahrining Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroy va Toshkent viloyatining Zangiota tumanlari bilan chegaradosh. Aholisi 282 mingdan ortiq. Hududi 2994 gektar, 55 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatib keladi.
Chilonzor tarixiga kichik sayohat
Qadimda Toshkent shahrida 12 ta darvoza mavjud bo‘lib, ko‘chmanchi qabilalarning hujumlaridan saqlanish maqsadida shaharning gir atrofi baland devor bilan o‘ralgan. Har dahada uchtadan darvoza bo‘lgan va qabristonlar faqat qala devorlarining tashqarisida bo‘lgan. Masalan, Beshog‘och dahasiga tegishli Zah qabristoni Samarqanddarvoza ortida, Xo‘jaalambardor qabristoni Kamalon darvozasi ortida, Beshog‘och darvozasi esa hozirgi Bo‘rijari ko‘prigiga yetmasdan bo‘lib, uning tashqari qismida hozirgi kunda tag tugi bilan yo‘q bo‘lib ketgan Beshog‘och qabristoni yastanib yotgan, jumladan, Yoshlar metro bekati atroflari, Milliy bog‘ hududi ham qabriston hududiga kirgan. Taxminan ikki yuz yillar muqaddam shahar aholisi ko‘payib sekin asta atrof yerlar o‘zlashtira boshlangan.Odamlar hozirgi Chilonzor mahallasi hududiga dastlab kelishgan paytda katta yalanglikdagi tepalikda do‘ppayib yotgan noma’lum qabr va uning atrofida chilon-jiyda daraxtlari o‘sib yotganligini ko‘rishgan. Shundan boshlab joyning nomi Chilonzor, qabrda yotgan kimsani Chilonzor ota deya atay boshlashgan.
O‘tgan asrning o‘rtalarigacha hozirgi Chilonzor ko‘chasining boshlanishidan, taxminan Muqimiy ko‘chasining kesishgan joyigacha bo‘lgan qismi Kichik Chilonzor, u yerdan to Cho‘ponota ko‘chasigacha Qozirabot mahallasigacha qismi esa Katta Chilonzor deb atalgan.