Xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida manzilli ishlash tizimi joriy etiladi
2026-01-17 19:20:00 / Yangiliklar
Bugun Chilonzor tumani hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A. Toshpo‘latov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1-sonli qarori ijrosi, shuningdek, Ichki ishlar vazirining Chilonzor tumaniga biriktirilganligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
Tadbirda tuman hokimligi, huquq-tartibot organlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari MFYlar yettiliklari ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallabay ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar vaziri tumandagi ijtimoiy-maishiy muammolarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ul rahbarlarga har bir mahalla kesimida aniq va manzilli ishlarni tashkil etish, Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, aholi xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.



