6 OYLIK YAKUN BO'YICHA
2026-07-15 08:00:00 / Press-relizlar
Xorazm viloyatida 2026-yilning birinchi yarim yilligida bandlikni ta'minlash, mehnat munosabatlarini tartibga solish hamda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi
2026-yilning yanvar–iyun oylarida Xorazm viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan aholi bandligini ta'minlash, mehnat bozorida barqarorlikni mustahkamlash, tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishni kengaytirish hamda mehnat qonunchiligi ijrosini ta'minlash borasida qator tizimli ishlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida viloyatda 115 ta mehnat yarmarkasi tashkil etilib, ularda 7 029 nafar fuqaro ishtirok etdi. Natijada 618 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta'minlandi.
Bandlik bo‘limlariga jami 12 423 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, 8 316 nafar fuqaroga bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Shuningdek, 4 973 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi hamda 3 333 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitishga jalb etildi.
Tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish yo‘nalishida mavjud 57 ming gektar yer maydonlaridan oqilona foydalanish ta'minlanmoqda. Bahorgi mavsumda 48,8 ming gektar maydonga ekinlar joylashtirildi. "Bir kontur – bir mahsulot" va "Bir mahalla – bir mahsulot" tamoyillari asosida ishlab chiqarish hajmlari kengaytirilib, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratildi.
Mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati doirasida 814 ta tekshiruv o‘tkazilib, 1 347 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Qonun talablarini buzgan 481 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma'muriy choralar qo‘llanilib, 1 milliard 161,84 million so‘m miqdorida jarimalar belgilandi. Inspeksiya aralashuvi natijasida 1 139 nafar fuqaroning 3,4 milliard so‘mlik ish haqi va tenglashtirilgan to‘lovlari undirib berildi hamda 2 655 nafar fuqaroning norasmiy bandligi legallashtirildi.
Mehnatni muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan monitoring ishlari natijasida Xorazm viloyatida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 13 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Ushbu hodisalarda 23 nafar fuqaro jabrlangan bo‘lib, zarar pullarini undirish hamda mehnat xavfsizligi talablarini kuchaytirish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
Shuningdek, aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va ularning muammolarini tezkor hal etish maqsadida 2026-yil III choragi davomida viloyatning barcha tuman va shaharlarida boshqarma rahbariyati ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Amalga oshirilgan ushbu ishlar viloyatda aholi bandligini oshirish, fuqarolarning daromad manbalarini kengaytirish, mehnat munosabatlarini qonuniy asosda tartibga solish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ustuvor vazifalar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
