Boshqarma haqida
Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda — Boshqarma deb, yuritiladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, rahbarlarining huquqlari, funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik deb, yuritiladi) hamda tegishliligi bo‘yicha viloyat hokimligiga bo‘ysunadi.
3. Boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining buyruqlari, shuningdek, Toshkent shahar hokimligining farmoyishi, qarorlari, ushbu Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga amal qiladi.
4. Boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
5. Boshqarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, qisqartirilgani — Bandlik boshqarmasi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Upravlenie po sokrasheniyu bednosti i zanyatosti goroda Tashkenta, qisqartirilgani — Upravlenie zanyatosti.
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Tashkent City Department for Poverty Reduction and Employment, qisqartirilgani — Employment Department.
2-bob. Boshqarma tuzilmasi
7. Boshqarma tizimiga quyidagilar kiradi:
Boshqarma apparati;
Tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari;
Kasbiy ko‘nikmalar markazlari.
Boshqarma hamda tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari Vazirlikka va tegishli ravishda shahar hamda tuman hokimliklariga bo‘ysunadi va hisob beradi.
8. Boshqarma o‘z vazifalari va funksiyalarini bajarishda xo‘jalik boshqaruvi va davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Boshqarma va tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlarining vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini ta’minlashda ishtirok etish;
kambag‘allik darajasini qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi va ular vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir qonunchilik hujjatlariga, normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshirish;
tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda – tuman (shahar) bo‘limlari deb, yuitiladi) va tizimga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
bandlikka ko‘maklashish, o‘qitish va malaka oshirish, malakani baholash xizmatlari uchun davlat buyurtmasini shakllantirish bo‘yicha tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish;
tuman (shahar) bo‘limlari va tizimga kiradigan tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
10. Boshqarma o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Boshqarma faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi hamda unga rahbarlik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda Vazirlik buyruqlarining tuman (shahar) bo‘limlari hamda tizimga kiradigan tashkilotlar tomonidan bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
Tuman (shahar) bo‘limlari, tizimga kiradigan tashkilotlar tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi o‘tkazilishini tashkil etadi;
tuman (shahar) bo‘limlari, tizimga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
kambag‘allikni qisqartirish, aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
tuman (shahar) bo‘limlari va tizimga kiradigan tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi;
kambag‘allik darajasini qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hududiy dasturlari bajarilishi monitoringini yuritish, band bo‘lmagan aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tuman (shahar) bo‘limlari, tizimga kiradigan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
aholi bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish xizmatlariga bo‘lgan davlat buyurtmasini shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirish, keyinchalik tegishli ravishda ishsizlar va band bo‘lmagan aholini o‘qitishga haq to‘lash bo‘yicha tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tuman (shahar) bo‘limlari va tizimga kiradigan tashkilotlarning moddiy-texnik ta’minotini tashkil etadi;
tuman (shahar) bo‘limlari va tizimga kiradigan tashkilotlar binolari va inshootlaridan joriy foydalanish bo‘yicha ishlar monitoringini o‘tkazadi va muvofiqlashtiradi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi;
operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish va o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
4-bob. Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Hududiy inspeksiya deb yuritiladi)
11. Hududiy inspeksiyalarga Vazirning buyrug‘iga asosan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan inspeksiya boshlig‘i rahbarlik qiladi.
12. Hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Vazirning buyrug‘iga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
13. Hududiy inspeksiya boshlig‘i va uning o‘rinbosari lavozimiga oliy yuridik yoki oliy muhandis-texnik ma’lumotga ega bo‘lgan, mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanadi.
14. Hududiy inspeksiya boshlig‘i lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs tayinlanganda, uning o‘rinbosari lavozimiga oliy muhandis-texnik ma’lumotga ega shaxs tayinlanadi.
15. Hududiy inspeksiya boshlig‘i lavozimiga oliy muhandis-texnik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs tayinlanganda, uning o‘rinbosari lavozimiga oliy yuridik ma’lumotga ega shaxs tayinlanadi.
16. Hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘z faoliyatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Boshqarma boshlig‘iga bo‘ysunadi hamda hisobot beradi.
17. Hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli hududlar doirasida:
hududiy inspeksiyaga rahbarlik qiladi, hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslarining avval berilgan ko‘rsatmalari, taqdimnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish, ularni o‘zgartirish va lozim bo‘lganda bekor qilish huquqiga ega;
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Boshqarma boshlig‘ining inspeksiya faoliyatiga oid buyruqlarini va ko‘rsatmalari, Vazirlik Inspeksiyasining ko‘rsatmalarining tegishli ravishda ijro etilishini ta’minlaydi;
o‘z vakolatlari doirasida hududiy inspeksiya xodimlariga ko‘rsatma va topshiriqlar beradi;
hududiy inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga va yuqori turuvchi organlarning qarorlariga muvofiq inspeksiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni bajaradi.
18. Hududiy inspeksiyalar o‘z faoliyati to‘g‘risida Vazirlik Inspeksiyasiga har oyning 5-sanasidan kechikmay, belgilangan tartibda oylik, choraklik va yillik hisobotlar taqdim etadi.
19. Hududiy inspeksiyalarning davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektorlari, mehnat sharoitlari bo‘yicha ekspertlari va qishloq xo‘jaligi sohasida davlat mehnat inspektorlari Vazirlik Inspeksiyasining yozma roziligiga asosan Boshqarma boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
20. Hududiy inspeksiya xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunadagi guvohnomalarga ega bo‘ladi.
21. Hududiy inspeksiya boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga xizmat guvohnomalari Vazir tomonidan beriladi.
22. Hududiy inspeksiyalarning mansabdor shaxslariga xizmat guvohnomalari boshqarma boshlig‘i tomonidan beriladi.
23. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi tegishli namunadagi guvohnomalar hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslari hamda tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi davlat mehnat huquq inspektorlariga Boshqarma tomonidan attestatsiya natijalariga ko‘ra beriladi.
24. Inspeksiyaga birinchi marta ishga kirgan shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq uch oygacha sinov muddati belgilanadi, bundan ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxslar mustasno.
25. Korrupsiya va boshqa suiiste’molliklarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik, xodimning shaxsiy va ish yuzasidan fazilatlarini, uning faoliyati samaradorligini o‘rganish, shuningdek, Inspeksiya faoliyatining turli yo‘nalishlarida malaka va ish tajribasiga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida ianspektorlar rotatsiyasi amalga oshirilishi mumkin, bundan qonunchilikka muvofiq rotatsiya qilinmaydigan shaxslar mustasno.
26. Xodimlar rotatsiyasi, qoida tariqasida, Inspeksiya boshlig‘ining taqdimnomasiga binoan egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
27. Hududiy inspeksiyalar o‘z rasmiy blankasiga ega bo‘ladi.
28. Hududiy inspeksiyalar xodimlari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga (tekshiruv guruhlariga) mutaxassis xulosasini olish zarurati yuzaga kelganda jalb qilinishi mumkin.
29. Bunda hududiy inspeksiyalar xodimlari bir oyda o‘n ish kunidan ortiq bo‘lgan muddatga tekshiruvlarga (tekshirish guruhlariga) jalb qilinishi mumkin emas.
5-bob. Tuman (shahar) bo‘limlarining vazifalari va funksiyalari
30. Quyidagilar tuman (shahar) bo‘limlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlik hamda Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini ta’minlashda ishtirok etish;
kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligi, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi va o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
mehnat va aholining bandligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga, normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshirish;
ishga joylashtirish, o‘qitish va malaka oshirish xizmatlariga bo‘lgan davlat buyurtmasini moliyalashtirish;
aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni qo‘llab-quvvatlash;
aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
32. Tuman (shahar) bo‘limlari o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi hamda ularga rahbarlik qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda Vazirlik, Boshqarma buyruqlari bajarilishini ta’minlaydi;
kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan tumanlar hokimliklariga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi o‘tkazilishini tashkil etadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarning ishga joylashtirilishiga ko‘maklashadi;
fuqarolarga mos ish tanlashda, zarur, malakali xodimlarni tanlashda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga ko‘maklashadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar va ish beruvchilarni ishga olish va ishchi kuchi bilan ta’minlash imkoniyatlari, xodimlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida va bandlikni ta’minlash bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan maslahat beradi;
ishlamaydigan fuqarolarni kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida o‘quv muassasalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;
ishsizlarning ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlaydi va ularga yordam beradi, shu jumladan, nafaqalar tayinlaydi va to‘laydi;
mehnat bozorining holatini va uni rivojlantirish istiqbollarini baholaydi, uning monitoringini tashkil etadi va o‘tkazadi;
ish izlab murojaat qilgan fuqarolar, shuningdek, tegishli hududdagi bo‘sh ish o‘rinlari (vakant lavozimlar) hisobini yuritadi;
aholini ish bilan ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlariga kiritilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan axborot, shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlari asosida mazkur dasturlar bajarilishi monitoringini yuritadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolarni o‘z kasbiy tayyorgarligi va malaka darajasiga ko‘ra ishga joylashtirish uchun korxonalarga, muassasalarga va tashkilotlarga, agar ularda bo‘sh ish o‘rinlari (vakant lavozimlar) bo‘lsa, yuboradi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga qabul qilish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga eng kam ish o‘rinlari sonini belgilash to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqish uchun kiritadi, shuningdek, mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuboradi;
Bandlik jamg‘armasining mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
fuqarolarga ishsizlik nafaqasini belgilangan tartibda tayinlaydi;
mehnat va aholi bandligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, mehnat munosabatlarini, moddiy rag‘batlantirish va mehnatni muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
kambag‘allikni qisqartirish, aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
ishga joylashtirish, o‘qitish va malaka oshirish bo‘yicha xizmatlarga bo‘lgan davlat buyurtmasini moliyalashtiradi, keyinchalik tegishli ravishda xususiy bandlik agentliklariga, ishsizlarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishga haq to‘laydi;
ish bilan ta’minlash davlat dasturlari bajarilishi yuzasidan monitoring yuritadi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi;
operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish, xo‘jalik, tuman (shahar) bo‘limlarining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
6-bob. Boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarining huquqlari va majburiyati
33. Boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlari o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
kambag‘allikni qisqartirish, mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish masalalarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
Boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlari vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda axborot so‘rash va olish;
davlat statistika organlaridan Boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlari vakolatiga kiradigan masalalarga doir zarur statistik axborotni bepul olish;
tashkilotlarda mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, mehnat xavfsizligi standartlariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarning qoidalari va talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda o‘rganish va tekshirish;
mehnat faoliyati bilan bog‘liq hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar, shuningdek fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ishlarni bajaruvchi (xizmatlar ko‘rsatuvchi) shaxslar sog‘lig‘iga mehnat vazifalarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zararlarning boshqa omillarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus tekshirish yoki tekshirishda ishtirok etish;
mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy jazolar berish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan va xodimlar sog‘lig‘i yoki hayotiga xavf tug‘diradigan tashkilotlar faoliyatini yoki korxonalar mablag‘laridan foydalanishni o‘z vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatish;
tizimdagi jamg‘armalar mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etish hamda ulardan maqsadli foydalanish yuzasidan nazoratni ta’minlash ishlarini tashkil etish;
Boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlari davlat mol-mulkini beg‘araz foydalanish huquqi asosida bir bo‘linmadan boshqa bo‘linmaga, o‘z tashkiliy tuzilmasi doirasida balansdan balansga belgilangan tartibda o‘tkazish, shtat jadvallarini muvofiqlashtirish, idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar moliya-xo‘jalik faoliyati balanslari va hisobotlarini ko‘rib chiqish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari tomonidan markazlashgan kapital mablag‘lardan samarali foydalanish yuzasidan nazoratni ta’minlash, Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalaridagi ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha istiqbolli dasturlar ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ular tomonidan parametrlar bajarilishini hisobga olgan holda ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi, hajmi va shartlarini belgilash;
ish beruvchilar o‘rtasida javobgarlikni oshirishga hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholini ishga joylashtirish bo‘yicha samarali faoliyatni kengaytirishga rag‘batlantirishni kuchaytirishga qaratilgan tanlovlarni belgilangan tartibda Vazirlik bilan birgalikda o‘tkazish;
kambag‘allikni qisqartirish, mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ijtimoiy reklama mahsulotlariga buyurtmalar berish, shuningdek, ularni davlat ommaviy axborot vositalarida, stendlarda, bannerlarda va aholi keng tanishishi mumkin bo‘lgan boshqa usullarda bepul joylashtirish;
binolarga xizmat ko‘rsatish, inventar va xo‘jalik asboblarini, avtotransportni, aloqa vositalarini, hisoblash, kompyuter va ofis texnikasini ta’minlab turish va ulardan foydalanish, dasturiy ta’minot xarid qilish, shu jumladan autsorsing shartlari asosida xarid qilish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
kambag‘allikni qisqartirish, mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan hududiy va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning buyruqlari va boshqa hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida belgilangan tartibda ko‘rsatmalar kiritish;
internet jahon axborot tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan tartibda rasmiy veb-saytlar yaratish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, yozma murojaatlari asosida maxsus vakolatli organlar bilan dastlabki kelishuvsiz tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’iy nazar tashkilotlarning bandlik, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini rejadan tashqari qisqa muddatli tekshiruvlar o‘tkazish;
kam foydalanilayotgan yoki rekonstruksiya yoxud kapital ta’mirlashni (qayta jihozlashni) talab qiluvchi mavjud binolar, xonalarni o‘rnatilgan tartibda ijaraga berish;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlik buyruqlarini bajarish bo‘yicha Boshqarma hamda uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari faoliyatini belgilangan tartibda xizmat o‘rganishi va xizmat tekshirishlarni o‘tkazish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda tezkor hal etishni talab qiladigan masalalar yuzasidan Boshqarma uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar rahbarlariga belgilangan tartibda topshiriq (yozma ko‘rsatma)lar berish.
34. Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
7-bob. Boshqarma rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
35. Quyidagilar Boshqarma boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
Boshqarmaning faoliyatini umumiy boshqarishni amalga oshirish va rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Boshqarmaga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Boshqarma faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tanqidiy va chuqur tahlillarni o‘tkazish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan Vazirlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarning ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari (maslahatchisi), shuningdek, Vazirlikning topshiriqlarini bajarish;
o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlash, Boshqarmaning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Boshqarma faoliyatining ma’lum bir sohalarini boshqarishda o‘z o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyati darajasini belgilash;
Boshqarmaning faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Boshqarma faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha qarorlariga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
Boshqarma tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, Boshqarma tizimining kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga ishga qabul qilinadigan boshqa kadrlarning professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga tegishli masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa idoralar bilan hamkorlikda tegishli qarorlar qabul qilish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlarining xizmat safarlarini qonunchilik talablariga to‘la muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlariga ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
o‘rinbosarlari, Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini doimiy tanqidiy tahlil qilish, Boshqarmaning hay’at yig‘ilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini tinglash, muhokama yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni, o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish, O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish yuzasidan tizimli choralarni amalga oshirish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan Boshqarma odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularni sodir etishga imkon yaratuvchi omillarni aniqlash, tahlil qilish, sabab va sharoitlarini bartaraf etish;
Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash, shu jumladan, ular tomonidan lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari ishini tashkil etishning ilg‘or shakllarini joriy etishni ta’minlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish ishlarini qonunchilikka muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya etish;
Boshqarma shtat jadvali va xarajatlar smetasini, shuningdek, Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari nizomlari hamda ustavlarini tasdiqlash;
Boshqarma xodimlari, idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar rahbarlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar mansabdor shaxslari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar ishlab chiqish va topshiriqlar berish, shuningdek, ularning ijrosini o‘rnatilgan tartibda nazorat qilish;
Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalarning tasdiqlangan tuzilmalari va shtatlar jadvaliga xodimlarning cheklangan soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha xalqaro va hukumatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish bo‘yicha xalqaro tadbirlarda ishtirok etish.
36. Boshqarma boshlig‘i qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
37. Quyidagilar Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Boshqarmaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish, tegishli tarkibiy bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Boshqarma faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash;
Boshqarma boshlig‘i vaqtincha bo‘lmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
Boshqarmaning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash hamda shaxsiy javobgarligini belgilash;
Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va rahbariyatga taqdim etish;
Vazirlar Mahkamasida, Vazirlik va idoralarda bo‘lib o‘tadigan majlislarda vakolat doirasida ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari hamda Vazirlikning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarish;
Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarkibiy va bo‘ysunuvchi bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
38. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
39. Quyidagilar Boshqarma apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
tegishli tarkibiy bo‘linmalar va Boshqarma tizimidagi tashkilotlar faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda tarkibiy bo‘linmalar ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazir yoki uning mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlariga takliflar kiritish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Boshqarma tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
Boshqarma boshlig‘i buyruqlari hamda topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Boshqarma va uning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari faoliyatiga amaliy va metodik yordam ko‘rsatish;
tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Boshqarma rahbariyatiga kiritish;
tarkibiy bo‘linmalarda kadrlarning professional darajasini, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini ta’minlash, kasb malakasini oshirish choralarini ko‘rish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tarkibiy bo‘linmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Boshqarmaning tarkibiy bo‘linmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini keyinchalik Boshqarma rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqish, imzolash (viza qo‘yish), ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga qat’iy muvofiq ravishda Vazirlikka o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash, Boshqarma rahbariyatining topshirig‘i bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlikda ishlab chiqishda ishtirok etish;
Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish, moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy ekspertiza va boshqa ekspertizadan puxta o‘tkazish;
tarkibiy bo‘linmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishini ta’minlash;
davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
40. Boshqarma apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
41. Quyidagilar Boshqarmaning tarkibiy va hududiy bo‘linmalar rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Boshqarmaning va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Boshqarma buyruqlari bilan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan qarorlariga muvofiq topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
Boshqarma boshlig‘ining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar vakolati doirasidagi masalalar yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlash, boshqa mansabdor shaxslar vakolatlarini, faoliyatning alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun o‘z o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, o‘z o‘rinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;
Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional darajasini amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini ta’minlash;
xodimlarni, o‘z o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish, shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar ko‘rish;
xodimlar tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;
huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilikni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali tizimida qonunchilik talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Boshqarma boshlig‘ining mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlariga takliflar kiritish;
xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifatini va ulardan erkin foydalanishni oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni Boshqarma rahbariyatiga kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, qonunchilik bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga tushgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;
xodimlarning lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga nisbatan intizomiy chora qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish, davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida Boshqarmaga takliflar kiritish;
davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash.
42. Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalar rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-bob. Boshqarma rahbarlarining javobgarligi
43. Boshqarma boshlig‘i (keyingi o‘rinlarda – boshliq deb, yuritiladi) Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
44. Boshliq o‘rinbosarlari:
Boshqarma nazoratidagi tarkibiy bo‘linmalarda Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
o‘z funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
45. Boshqarma apparatning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;
o‘z funksional majburiyatlari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
46. Boshqarmaning idoraviy bo‘ysunuvidagi tuzilmalari rahbarlari:
bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
o‘z funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
9-bob. Boshqarma faoliyatini tashkil etish
47. Boshqarmaga Toshkent shahar hokimi tavsiyanomasiga binoan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri (keyingi o‘rinlarda – Vazir deb, yuritiladi) tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Boshliq rahbarlik qiladi.
48. Boshliqning Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bir nafar birinchi o‘rinbosari hamda o‘rinbosari bo‘ladi.
49. Boshliq bo‘lmagan davrda uning vakolatlari Vazirning buyrug‘iga binoan Boshliqning o‘rinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
50. Boshliq:
Boshqarma faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi va Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boshqarma faoliyatining alohida yo‘nalishlari va uchastkalariga rahbarlik qilish va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlar faoliyati uchun Boshliqning o‘rinbosarlari va Boshqarmaning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
o‘z vakolati doirasida Boshqarma tizimi xodimlari tomonidan ijro etilishi shart bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va topshiriq (yozma ko‘rsatma)lar beradi;
xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Boshqarma apparat xarajatlar smetasini va shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlari va ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Boshqarma tizimida belgilangan tartibda moliyaviy ishlarni tashkil etadi, tizimga kiradigan tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni moliyaviy jihatdan ta’minlaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
51. Tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari tegishli tumanlar hokimlari tomonidan Boshqarma boshlig‘i bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
52. Tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari tegishli tartibda tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari tomonidan Boshqarma boshlig‘ining roziligi asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
53. Boshqarma va uning hududiy bo‘linmalariga ishga qabul qilingan xodimlar majburiy tartibda bir haftalik kirishish-moslashish kurslaridan, mehnat organlari xodimlari esa muntazam ravishda Vazirlik xodimlarining malakasini oshirish markazida har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘taydilar.
54. Boshqarma to‘g‘risidagi Nizomi Vazirning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
55. Tuman (shahar) bo‘limlari to‘g‘risidagi Nizomlari tumanlar hokimlari bilan kelishilgan holda Boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
10-bob. Boshqarma tizimi xodimlarini moddiy-texnik ta’minlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari
56. Boshqarma tizimi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va mehnatiga haq to‘lash byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari manbalar mablag‘lari hisobidan hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
