#Press-reliz
2026-07-09 09:15:00 / Press-relizlar
Toshkentda probatsiya nazoratidagi yoshlar va ishsiz fuqarolar uchun maqsadli mehnat yarmarkasi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli qarori ijrosini ta’minlash borasida tizimli amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Toshkent shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda “Texnopark” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida probatsiya nazoratidagi yoshlar va ishsiz fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirning bosh maqsadi — mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ishsiz fuqarolar hamda alohida e’tiborga muhtoj yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyatda barqarorlikni mustahkamlashdan iboratdir. Zero, aholining muqim ish joyi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini oluvchi eng asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Yarmarka davomida “Texnopark” ishlab chiqarish majmuasi tomonidan bugungi mehnat bozori talablariga mos keladigan turli yo‘nalishlardagi zamonaviy va yuqori daromadli bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Unda ishtirok etgan probatsiya nazoratidagi yoshlar va ishsiz fuqarolar o‘z qiziqish hamda ko‘nikmalaridan kelib chiqib, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida o‘nlab fuqarolarga munosib ish o‘rinlariga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi, shuningdek, kasb-hunar o‘rganish niyatida bo‘lgan yoshlar qayta tayyorlash kurslariga yo‘naltirildi. Bu kabi maqsadli tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida bosqichma-bosqich davom ettirilishi rejalashtirilgan.
