Nukusda “TalabaExpo – 2026” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
2026-07-29 18:05:00 / Yangiliklar

Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, “O‘zmilliybank” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov so‘zga chiqib, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini aniqlash va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ko‘rgazma doirasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning bir yarim mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, ish beruvchilar va oliy ta’lim muassasalari ko‘rgazmalari, tijorat banklarining yoshlar biznesini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, yoshlarimizga o‘zini o‘zi band qilish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun 100 ga yaqin zarur asbob-uskunalar, uy sharoitida biznes boshlash uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit paketlari taqdim etildi.







