Boshqarma haqida
Navoiy viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Navoiy viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda — Boshqarma deb, yuritiladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, rahbarlarining huquqlari, funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik deb, yuritiladi) hamda tegishliligi boʻyicha viloyat hokimligiga boʻysunadi.
3. Boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining buyruqlari, shuningdek, Toshkent shahar hokimligining farmoyishi, qarorlari, ushbu Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga amal qiladi.
4. Boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga ega boʻladi.
5. Boshqarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Navoiy viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, qisqartirilgani — Bandlik boshqarmasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Upravleniye po sokrasheniyu bednosti i zanyatosti goroda Navoi, qisqartirilgani — Upravleniye zanyatosti.
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi Navoiy Regional Department for Poverty Reduction and Employment.
6. Boshqarmaning joylashgan manzili: Navoiy viloyati, Navoiy shahar, Navoiy koʻchasi koʻchasi 43-a uy.
2-bob. Boshqarma tuzilmasi
7. Boshqarma tizimiga quyidagilar kiradi:
Boshqarma apparati;
Tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari;
Kasbiy koʻnikmalar markazlari.
Boshqarma hamda tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari Vazirlikka va tegishli ravishda shahar hamda tuman hokimliklariga boʻysunadi va hisob beradi.
8. Boshqarma oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarishda xoʻjalik boshqaruvi va davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Boshqarma va tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlarining vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi va ular vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir qonunchilik hujjatlariga, normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshirish;
tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda – tuman (shahar) boʻlimlari deb, yuitiladi) va tizimga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
bandlikka koʻmaklashish, oʻqitish va malaka oshirish, malakani baholash xizmatlari uchun davlat buyurtmasini shakllantirish boʻyicha tuman (shahar) boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish;
tuman (shahar) boʻlimlari va tizimga kiradigan tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
10. Boshqarma oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Boshqarma faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi hamda unga rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda Vazirlik buyruqlarining tuman (shahar) boʻlimlari hamda tizimga kiradigan tashkilotlar tomonidan bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
Tuman (shahar) boʻlimlari, tizimga kiradigan tashkilotlar tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishini tashkil etadi;
tuman (shahar) boʻlimlari, tizimga kiradigan tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
kambagʻallikni qisqartirish, aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
tuman (shahar) boʻlimlari va tizimga kiradigan tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi;
kambagʻallik darajasini qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturlari bajarilishi monitoringini yuritish, band boʻlmagan aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish, mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tuman (shahar) boʻlimlari, tizimga kiradigan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
aholi bandligini taʼminlash, kasbga oʻqitish xizmatlariga boʻlgan davlat buyurtmasini shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirish, keyinchalik tegishli ravishda ishsizlar va band boʻlmagan aholini oʻqitishga haq toʻlash boʻyicha tuman (shahar) boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tuman (shahar) boʻlimlari va tizimga kiradigan tashkilotlarning moddiy-texnik taʼminotini tashkil etadi;
tuman (shahar) boʻlimlari va tizimga kiradigan tashkilotlar binolari va inshootlaridan joriy foydalanish boʻyicha ishlar monitoringini oʻtkazadi va muvofiqlashtiradi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi;
operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish va oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
4-bob. Navoiy viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Hududiy inspeksiya deb yuritiladi)
11. Hududiy inspeksiyalarga Vazirning buyrugʻiga asosan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan inspeksiya boshligʻi rahbarlik qiladi.
12. Hududiy inspeksiya boshligʻi oʻrinbosari Vazirning buyrugʻiga asosan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
13. Hududiy inspeksiya boshligʻi va uning oʻrinbosari lavozimiga oliy yuridik yoki oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega boʻlgan, mehnat yoki mehnatni muhofaza qilish tizimida kamida uch yillik ish stajiga ega shaxs tayinlanadi.
14. Hududiy inspeksiya boshligʻi lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxs tayinlanganda, uning oʻrinbosari lavozimiga oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega shaxs tayinlanadi.
15. Hududiy inspeksiya boshligʻi lavozimiga oliy muhandis-texnik maʼlumotga ega boʻlgan shaxs tayinlanganda, uning oʻrinbosari lavozimiga oliy yuridik maʼlumotga ega shaxs tayinlanadi.
16. Hududiy inspeksiya boshligʻi oʻz faoliyatida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Boshqarma boshligʻiga boʻysunadi hamda hisobot beradi.
17. Hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli hududlar doirasida:
hududiy inspeksiyaga rahbarlik qiladi, hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslarining avval berilgan koʻrsatmalari, taqdimnomalari va qarorlarini koʻrib chiqish, ularni oʻzgartirish va lozim boʻlganda bekor qilish huquqiga ega;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Boshqarma boshligʻining inspeksiya faoliyatiga oid buyruqlarini va koʻrsatmalari, Vazirlik Inspeksiyasining koʻrsatmalarining tegishli ravishda ijro etilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida hududiy inspeksiya xodimlariga koʻrsatma va topshiriqlar beradi;
hududiy inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga va yuqori turuvchi organlarning qarorlariga muvofiq inspeksiya faoliyati bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni bajaradi.
18. Hududiy inspeksiyalar oʻz faoliyati toʻgʻrisida Vazirlik Inspeksiyasiga har oyning 5-sanasidan kechikmay, belgilangan tartibda oylik, choraklik va yillik hisobotlar taqdim etadi.
19. Hududiy inspeksiyalarning davlat mehnat huquq inspektorlari, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlari, mehnat sharoitlari boʻyicha ekspertlari va qishloq xoʻjaligi sohasida davlat mehnat inspektorlari Vazirlik Inspeksiyasining yozma roziligiga asosan Boshqarma boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
20. Hududiy inspeksiya xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunadagi guvohnomalarga ega boʻladi.
21. Hududiy inspeksiya boshliqlari va ularning oʻrinbosarlariga xizmat guvohnomalari Vazir tomonidan beriladi.
22. Hududiy inspeksiyalarning mansabdor shaxslariga xizmat guvohnomalari boshqarma boshligʻi tomonidan beriladi.
23. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi tegishli namunadagi guvohnomalar hududiy inspeksiyaning mansabdor shaxslari hamda tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi davlat mehnat huquq inspektorlariga Boshqarma tomonidan attestatsiya natijalariga koʻra beriladi.
24. Inspeksiyaga birinchi marta ishga kirgan shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq uch oygacha sinov muddati belgilanadi, bundan ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxslar mustasno.
25. Korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik, xodimning shaxsiy va ish yuzasidan fazilatlarini, uning faoliyati samaradorligini oʻrganish, shuningdek, Inspeksiya faoliyatining turli yoʻnalishlarida malaka va ish tajribasiga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida ianspektorlar rotatsiyasi amalga oshirilishi mumkin, bundan qonunchilikka muvofiq rotatsiya qilinmaydigan shaxslar mustasno.
26. Xodimlar rotatsiyasi, qoida tariqasida, Inspeksiya boshligʻining taqdimnomasiga binoan egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
27. Hududiy inspeksiyalar oʻz rasmiy blankasiga ega boʻladi.
28. Hududiy inspeksiyalar xodimlari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarga (tekshiruv guruhlariga) mutaxassis xulosasini olish zarurati yuzaga kelganda jalb qilinishi mumkin.
29. Bunda hududiy inspeksiyalar xodimlari bir oyda oʻn ish kunidan ortiq boʻlgan muddatga tekshiruvlarga (tekshirish guruhlariga) jalb qilinishi mumkin emas.
5-bob. Tuman (shahar) boʻlimlarining vazifalari va funksiyalari
30. Quyidagilar tuman (shahar) boʻlimlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Vazirlik hamda Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligi, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi va oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
mehnat va aholining bandligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga, normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi yuzasidan monitoring va nazoratni amalga oshirish;
ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish xizmatlariga boʻlgan davlat buyurtmasini moliyalashtirish;
aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni qoʻllab-quvvatlash;
aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish.
32. Tuman (shahar) boʻlimlari oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
tuman (shahar) boʻlimlari faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi hamda ularga rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda Vazirlik, Boshqarma buyruqlari bajarilishini taʼminlaydi;
kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari tomonidan tumanlar hokimliklariga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishini tashkil etadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarning ishga joylashtirilishiga koʻmaklashadi;
fuqarolarga mos ish tanlashda, zarur, malakali xodimlarni tanlashda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga koʻmaklashadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar va ish beruvchilarni ishga olish va ishchi kuchi bilan taʼminlash imkoniyatlari, xodimlarga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida va bandlikni taʼminlash bilan bogʻliq boshqa masalalar yuzasidan maslahat beradi;
ishlamaydigan fuqarolarni kasbga oʻqitish, qayta oʻqitish va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisida oʻquv muassasalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;
ishsizlarning roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi va ularga yordam beradi, shu jumladan, nafaqalar tayinlaydi va toʻlaydi;
mehnat bozorining holatini va uni rivojlantirish istiqbollarini baholaydi, uning monitoringini tashkil etadi va oʻtkazadi;
ish izlab murojaat qilgan fuqarolar, shuningdek, tegishli hududdagi boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) hisobini yuritadi;
aholini ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlariga kiritilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan axborot, shuningdek, Milliy statistika qoʻmitasining maʼlumotlari asosida mazkur dasturlar bajarilishi monitoringini yuritadi;
mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolarni oʻz kasbiy tayyorgarligi va malaka darajasiga koʻra ishga joylashtirish uchun korxonalarga, muassasalarga va tashkilotlarga, agar ularda boʻsh ish oʻrinlari (vakant lavozimlar) boʻlsa, yuboradi;
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga qabul qilish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga eng kam ish oʻrinlari sonini belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish uchun kiritadi, shuningdek, mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuboradi;
Bandlik jamgʻarmasining mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
fuqarolarga ishsizlik nafaqasini belgilangan tartibda tayinlaydi;
mehnat va aholi bandligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, mehnat munosabatlarini, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatni muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
kambagʻallikni qisqartirish, aholini ishga joylashtirish sohasida xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish boʻyicha xizmatlarga boʻlgan davlat buyurtmasini moliyalashtiradi, keyinchalik tegishli ravishda xususiy bandlik agentliklariga, ishsizlarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishga haq toʻlaydi;
ish bilan taʼminlash davlat dasturlari bajarilishi yuzasidan monitoring yuritadi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi;
operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish, xoʻjalik, tuman (shahar) boʻlimlarining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
6-bob. Boshqarma va tuman (shahar) boʻlimlarining huquqlari va majburiyati
33. Boshqarma va tuman (shahar) boʻlimlari oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish masalalarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirishni amalga oshirish;
Boshqarma va tuman (shahar) boʻlimlari vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda axborot soʻrash va olish;
davlat statistika organlaridan Boshqarma va tuman (shahar) boʻlimlari vakolatiga kiradigan masalalarga doir zarur statistik axborotni bepul olish;
tashkilotlarda mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, mehnat xavfsizligi standartlariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarning qoidalari va talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda oʻrganish va tekshirish;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar, shuningdek fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha ishlarni bajaruvchi (xizmatlar koʻrsatuvchi) shaxslar sogʻligʻiga mehnat vazifalarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zararlarning boshqa omillarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus tekshirish yoki tekshirishda ishtirok etish;
mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy jazolar berish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan va xodimlar sogʻligʻi yoki hayotiga xavf tugʻdiradigan tashkilotlar faoliyatini yoki korxonalar mablagʻlaridan foydalanishni oʻz vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatish;
tizimdagi jamgʻarmalar mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etish hamda ulardan maqsadli foydalanish yuzasidan nazoratni taʼminlash ishlarini tashkil etish;
Boshqarma va tuman (shahar) boʻlimlari davlat mol-mulkini begʻaraz foydalanish huquqi asosida bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga, oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida balansdan balansga belgilangan tartibda oʻtkazish, shtat jadvallarini muvofiqlashtirish, idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlar moliya-xoʻjalik faoliyati balanslari va hisobotlarini koʻrib chiqish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari tomonidan markazlashgan kapital mablagʻlardan samarali foydalanish yuzasidan nazoratni taʼminlash, Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalaridagi obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha istiqbolli dasturlar ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha ular tomonidan parametrlar bajarilishini hisobga olgan holda ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi, hajmi va shartlarini belgilash;
ish beruvchilar oʻrtasida javobgarlikni oshirishga hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ishga joylashtirish boʻyicha samarali faoliyatni kengaytirishga ragʻbatlantirishni kuchaytirishga qaratilgan tanlovlarni belgilangan tartibda Vazirlik bilan birgalikda oʻtkazish;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha ijtimoiy reklama mahsulotlariga buyurtmalar berish, shuningdek, ularni davlat ommaviy axborot vositalarida, stendlarda, bannerlarda va aholi keng tanishishi mumkin boʻlgan boshqa usullarda bepul joylashtirish;
binolarga xizmat koʻrsatish, inventar va xoʻjalik asboblarini, avtotransportni, aloqa vositalarini, hisoblash, kompyuter va ofis texnikasini taʼminlab turish va ulardan foydalanish, dasturiy taʼminot xarid qilish, shu jumladan autsorsing shartlari asosida xarid qilish boʻyicha ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
kambagʻallikni qisqartirish, mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan hududiy va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning buyruqlari va boshqa hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda koʻrsatmalar kiritish;
internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan tartibda rasmiy veb-saytlar yaratish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, yozma murojaatlari asosida maxsus vakolatli organlar bilan dastlabki kelishuvsiz tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼiy nazar tashkilotlarning bandlik, mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini rejadan tashqari qisqa muddatli tekshiruvlar oʻtkazish;
kam foydalanilayotgan yoki rekonstruksiya yoxud kapital taʼmirlashni (qayta jihozlashni) talab qiluvchi mavjud binolar, xonalarni oʻrnatilgan tartibda ijaraga berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlik buyruqlarini bajarish boʻyicha Boshqarma hamda uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari faoliyatini belgilangan tartibda xizmat oʻrganishi va xizmat tekshirishlarni oʻtkazish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan hamda tezkor hal etishni talab qiladigan masalalar yuzasidan Boshqarma uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar rahbarlariga belgilangan tartibda topshiriq (yozma koʻrsatma)lar berish.
34. Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7-bob. Boshqarma rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
35. Quyidagilar Boshqarma boshligʻining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
Boshqarmaning faoliyatini umumiy boshqarishni amalga oshirish va rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Boshqarmaga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Boshqarma faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tanqidiy va chuqur tahlillarni oʻtkazish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlariga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan Vazirlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarning koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari (maslahatchisi), shuningdek, Vazirlikning topshiriqlarini bajarish;
oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Boshqarmaning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, Boshqarma faoliyatining maʼlum bir sohalarini boshqarishda oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
Boshqarmaning faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Boshqarma faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qarorlariga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;
Boshqarma tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, Boshqarma tizimining kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga ishga qabul qilinadigan boshqa kadrlarning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy ish tajribasi, yuqori ishchanlik darajasi va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalariga tegishli masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa idoralar bilan hamkorlikda tegishli qarorlar qabul qilish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlarining xizmat safarlarini qonunchilik talablariga toʻla muvofiq ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlariga ajratiladigan mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
oʻrinbosarlari, Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalar rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini doimiy tanqidiy tahlil qilish, Boshqarmaning hayʼat yigʻilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini tinglash, muhokama yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni, oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritish, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish yuzasidan tizimli choralarni amalga oshirish;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari xodimlari tomonidan Boshqarma odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan ularni sodir etishga imkon yaratuvchi omillarni aniqlash, tahlil qilish, sabab va sharoitlarini bartaraf etish;
Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari xodimlari tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash, shu jumladan, ular tomonidan lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari ishini tashkil etishning ilgʻor shakllarini joriy etishni taʼminlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish ishlarini qonunchilikka muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda oʻtkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya etish;
Boshqarma shtat jadvali va xarajatlar smetasini, shuningdek, Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari nizomlari hamda ustavlarini tasdiqlash;
Boshqarma xodimlari, idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar rahbarlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar mansabdor shaxslari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar ishlab chiqish va topshiriqlar berish, shuningdek, ularning ijrosini oʻrnatilgan tartibda nazorat qilish;
Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalarning tasdiqlangan tuzilmalari va shtatlar jadvaliga xodimlarning cheklangan soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha xalqaro va hukumatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish boʻyicha xalqaro tadbirlarda ishtirok etish.
36. Boshqarma boshligʻi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
37. Quyidagilar Boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Boshqarmaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish, tegishli tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Boshqarma faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash;
Boshqarma boshligʻi vaqtincha boʻlmaganda, tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
Boshqarmaning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash hamda shaxsiy javobgarligini belgilash;
Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va rahbariyatga taqdim etish;
Vazirlar Mahkamasida, Vazirlik va idoralarda boʻlib oʻtadigan majlislarda vakolat doirasida ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari hamda Vazirlikning koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarish;
Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarkibiy va boʻysunuvchi boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
38. Boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
39. Quyidagilar Boshqarma apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
tegishli tarkibiy boʻlinmalar va Boshqarma tizimidagi tashkilotlar faoliyatini oʻz vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;
prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda tarkibiy boʻlinmalar ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazir yoki uning mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlariga takliflar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, Boshqarma tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Boshqarma boshligʻi buyruqlari hamda topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini taʼminlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, koʻrsatilgan vazifalar va tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari faoliyatiga amaliy va metodik yordam koʻrsatish;
tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni koʻrib chiqish uchun Boshqarma rahbariyatiga kiritish;
tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarning professional darajasini, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini taʼminlash, kasb malakasini oshirish choralarini koʻrish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tarkibiy boʻlinmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Boshqarmaning tarkibiy boʻlinmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini keyinchalik Boshqarma rahbariyati tomonidan koʻrib chiqish, imzolash (viza qoʻyish), ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Vazirlikka oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash, Boshqarma rahbariyatining topshirigʻi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlikda ishlab chiqishda ishtirok etish;
Vazirlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish, moliyaviy, iqtisodiy, huquqiy ekspertiza va boshqa ekspertizadan puxta oʻtkazish;
tarkibiy boʻlinmalar xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishini taʼminlash;
davlat sirlari bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
40. Boshqarma apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
41. Quyidagilar Boshqarmaning tarkibiy va hududiy boʻlinmalar rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Boshqarmaning va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Boshqarma buyruqlari bilan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash, ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan qarorlariga muvofiq topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Boshqarma boshligʻining buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar vakolati doirasidagi masalalar yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
oʻz oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, boshqa mansabdor shaxslar vakolatlarini, faoliyatning alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash;
Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, oʻz oʻrinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional darajasini amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligining kafolatini taʼminlash;
xodimlarni, oʻz oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni koʻrib chiqish, shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha muntazam chora-tadbirlar koʻrish;
xodimlar tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
huquqni qoʻllash amaliyotini va qonunchilikni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali tizimida qonunchilik talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
prognoz koʻrsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Boshqarma boshligʻining mutasaddilik qiladigan oʻrinbosarlariga takliflar kiritish;
xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish;
faoliyatiga oid masalalar boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifatini va ulardan erkin foydalanishni oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni Boshqarma rahbariyatiga kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, qonunchilik bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqish;
xodimlarning lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar toʻlash, ularga moddiy yordam berish, mukofotlash, ragʻbatlantirish va ularga nisbatan intizomiy chora qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish, davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash toʻgʻrisida Boshqarmaga takliflar kiritish;
davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning himoya qilinishini taʼminlash.
42. Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar rahbarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-bob. Boshqarma rahbarlarining javobgarligi
43. Boshqarma boshligʻi (keyingi oʻrinlarda – boshliq deb, yuritiladi) Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
44. Boshliq oʻrinbosarlari:
Boshqarma nazoratidagi tarkibiy boʻlinmalarda Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
45. Boshqarma apparatning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;
oʻz funksional majburiyatlari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
46. Boshqarmaning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalari rahbarlari:
boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
9-bob. Boshqarma faoliyatini tashkil etish
47. Boshqarmaga Toshkent shahar hokimi tavsiyanomasiga binoan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri (keyingi oʻrinlarda – Vazir deb, yuritiladi) tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Boshliq rahbarlik qiladi.
48. Boshliqning Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bir nafar birinchi oʻrinbosari hamda oʻrinbosari boʻladi.
49. Boshliq boʻlmagan davrda uning vakolatlari Vazirning buyrugʻiga binoan Boshliqning oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
50. Boshliq:
Boshqarma faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi va Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Boshqarma faoliyatining alohida yoʻnalishlari va uchastkalariga rahbarlik qilish va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlar faoliyati uchun Boshliqning oʻrinbosarlari va Boshqarmaning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
oʻz vakolati doirasida Boshqarma tizimi xodimlari tomonidan ijro etilishi shart boʻlgan buyruqlar chiqaradi va topshiriq (yozma koʻrsatma)lar beradi;
xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Boshqarma apparat xarajatlar smetasini va shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Boshqarma va uning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlari va ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Boshqarma tizimida belgilangan tartibda moliyaviy ishlarni tashkil etadi, tizimga kiradigan tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni moliyaviy jihatdan taʼminlaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
51. Tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari tegishli tumanlar hokimlari tomonidan Boshqarma boshligʻi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
52. Tuman (shahar) boʻlimlari xodimlari tegishli tartibda tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari tomonidan Boshqarma boshligʻining roziligi asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
53. Boshqarma va uning hududiy boʻlinmalariga ishga qabul qilingan xodimlar majburiy tartibda bir haftalik kirishish-moslashish kurslaridan, mehnat organlari xodimlari esa muntazam ravishda Vazirlik xodimlarining malakasini oshirish markazida har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtaydilar.
54. Boshqarma toʻgʻrisidagi Nizomi Vazirning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
55. Tuman (shahar) boʻlimlari toʻgʻrisidagi Nizomlari tumanlar hokimlari bilan kelishilgan holda Boshqarma boshligʻining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
10-bob. Boshqarma tizimi xodimlarini moddiy-texnik taʼminlash va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari
56. Boshqarma tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va mehnatiga haq toʻlash byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari manbalar mablagʻlari hisobidan hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
