Xonobodlik yoshlar tinglandi.
2026-09-10 15:20:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan bo‘lib, ushbu kunda tashkilot-muassasa rahbarlari hududlarda o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuvlar, ochiq muloqotlar hamda xonadonbay o‘rganishlar olib boradilar.
Bundan asosiy maqsad — ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, oldilarida turgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish, shuningdek, qo‘shimcha kasb-hunar egallashlariga yo‘naltirib, amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Zafar Ikramov ham bugun Namangan tumanidagi “Xonobod” mahallasida bo‘lib, o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida yoshlarning qiziqishlari, kasb-hunarga bo‘lgan ishtiyoqi hamda kelgusidagi rejalari tinglandi. Jumladan, bir nafar yoshga haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qishida ko‘maklashish taklifi bildirildi.
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarga esa bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash choralari haqida batafsil tushuncha berildi.
Muloqot yakunida yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularning mutolaa madaniyatini shakllantirish maqsadida badiiy kitoblar to‘plami taqdim etildi.
Kambag’allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi




