Korrupsiyaning oldini olish boʻyicha profilaktik tadbir oʻtkazildi
2026-09-07 10:25:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan tizimda korrupsiyaning oldini olish, xodimlarning huquqiy ongi va korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi targʻibot tadbiri boshqarmaning Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bosh mutaxassisi M. Homidov tomonidan Kosonsoy tumani boʻlimi rahbar va masʼul xodimlari ishtirokida tashkil etildi.
Tadbir davomida har bir xodim bilan alohida profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda xushmuomala va madaniyatli munosabatda boʻlish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xodimlarga davlat fuqarolik xizmatchisiga xos boʻlgan yurish-turish, xizmat odobi va axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilish, xizmat vazifalarini bajarishda qonuniylik, halollik, xolislik va masʼuliyat tamoyillariga amal qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida xodimlarga korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabatda boʻlish, oʻz xizmat vazifalarini vijdonan va masʼuliyat bilan bajarish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish har bir davlat fuqarolik xizmatchisining muhim vazifasi ekani taʼkidlandi.


