Issiqxonada bulgʻor qalampiri yetishtirish — daromadli tashabbus
2026-08-17 10:30:00 / Yangiliklar

Chust tumani Varzik hududi Bolo mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Yuldashev Baxtiyorjon xonadonida bulgʻor qalampiri yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, yaxshi natijalarga erishilmoqda.
Xonadonda Eron Islom Respublikasidan keltirilgan “Delux F1” navli bulgʻor qalampirining 3 200 tup koʻchati 10 sotixlik issiqxona maydoniga joriy yilning 25-mart kuni ekilgan.
10-avgust holatiga koʻra, issiqxonadan 9 marotaba hosil yigʻib olinib, jami 4 500 kilogramm mahsulot yetishtirilgan. Mahsulotlarni sotish hisobiga 100 million soʻmdan ortiq daromad olingan. Ayni paytda bulgʻor qalampirining bozordagi narxi 1 kilogramm uchun 25–30 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Xonadon sohibi yil yakuniga qadar 10 tonna hosil olishni rejalashtirgan. Kelgusida issiqxona maydonini kengaytirish, yetishtirilgan mahsulotlarni eksport qilish hamda ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, mahalla hokim yordamchisi Doston Toʻychiyev tavsiyasi asosida aholi xonadonlariga sifatli bulgʻor qalampiri koʻchatlarini yetkazib berish, ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish va sotuvini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tashabbus aholi xonadonlarida daromadli mehnatni yoʻlga qoʻyish, issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish hamda mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanal:@NamanganBandlik





