Raqamlashtirish — korrupsiyaning oldini olishning muhim vositasi
2026-08-04 10:05:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasida boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A. Turdiboyev, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i v.b. Z. Umarov, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassis M. Xomidov hamda davlat mehnat inspektorlari ishtirokida “Tizimda korrupsiyaning oldini olishda eng asosiy masala — raqamlashtirish” mavzusida suhbat o‘tkazildi.
Unda tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, ish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash va inson omilini kamaytirish masalalari muhokama qilinib, hujjatlar almashinuvini to‘liq elektron shaklda amalga oshirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, davlat mehnat inspektorlarining faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida har bir inspektorga xizmat planshetlari topshirildi.
Bundan tashqari, sohada manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy xavflarning oldini olish maqsadida barcha davlat mehnat inspektorlarining faoliyat hududlari to‘liq almashtirilib, rotatsiya qilindi.
Mazkur ishlar tizimda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish hamda davlat mehnat inspeksiyasi faoliyatida zamonaviy va samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.


