“Dolzarb 40 kunlik” — aholi farovonligi va bandligini ta’minlash yo‘lida
2026-08-10 10:00:00 / Yangiliklar

Davlatobod tumanida “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda mahallalarda mavjud muammolarni manzilli hal etishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, tumandagi “Ijodkor” mahallasida Namangan viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, viloyat Savdo-sanoat palatasi hamda tuman miqyosidagi tegishli mas’ullar hamkorligida aholi bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Jarayon davomida xonadonlar o‘rganilib, fuqarolarning bandligi, kasbiy ko‘nikmalari, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari hamda mavjud muammolari tahlil qilinmoqda. Har bir oilaning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqib, ularni daromadli mehnatga jalb etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Ayniqsa, ish izlayotgan fuqarolarni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi aholiga zarur tavsiyalar berish va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” doirasidagi bunday manzilli yondashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahalladagi har bir xonadonning imkoniyatini aniqlash, aholining doimiy daromad manbalarini yaratish va bandligini ta’minlash orqali oilalar farovonligini oshirishdir.
Eng muhimi, mahallada olib borilayotgan ishlar faqat muammolarni aniqlash bilan cheklanib qolmay, ularning amaliy yechimini topishga qaratilmoqda. Bu esa fuqarolarning o‘z mehnati orqali daromad topishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va oilaviy farovonligini yanada oshirishiga xizmat qilmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida “Ijodkor” mahallasida boshlangan ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, aholining bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar kengaytiriladi.





