Kambag’allikdan farovonlik sari — har bir yoshga munosib ish va barqaror daromad manbai!
2026-08-05 10:25:00 / Yangiliklar

Payshanba — “Yoshlar kuni” munosabati bilan Uchqo‘rg‘on tumanidagi Uz TEX Group korxonasida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur mehnat yarmarkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-sonli “Kambag’allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini ta’minlash, aholi, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning bandligini oshirish hamda ular uchun barqaror daromad manbalarini yaratish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda mehnat bozoriga kirib kelayotgan 205 nafar yosh ishtirok etdi. Ularga tumandagi 30 dan ortiq korxona va tashkilot tomonidan jami 295 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi. Yarmarka davomida ishtirokchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, o‘z malaka va qiziqishlariga mos bo‘lgan ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Yarmarka yakunlariga ko‘ra, 45 nafar fuqaroga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi, 34 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitish kurslariga yo‘llanma oldi. Shuningdek, 126 nafar ishtirokchiga mehnat qonunchiligi, bandlik, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda mavjud imtiyoz va imkoniyatlar yuzasidan huquqiy va amaliy maslahatlar berildi.
Tadbirda Ichki ishlar organlarining jinoyat ishlari bo‘yicha probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslar ham faol ishtirok etdi. Ular uchun mehnat bozoriga integratsiyalashish, doimiy ish bilan ta’minlanish va jamiyatga muvaffaqiyatli moslashishga xizmat qiluvchi imkoniyatlar yaratildi.
Bunday mehnat yarmarkalari aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning turmush darajasini yuksaltirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu kabi amaliy tadbirlar “Kambag’allikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning izchil amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda. https://t.me/NamanganBandlik





