O‘z faoliyatimda malaka va tajriba muhim.
2026-07-26 10:10:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda munosib mehnat qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Natijada xotin-qizlar davlat tashkilotlari va turli sohalarda erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar asosida faoliyat yuritib, o‘zlarining bilim, tajriba va salohiyatlarini namoyon etib kelmoqda.
Men ham Namangan viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasida bosh yuriskonsult lavozimida faoliyat yuritar ekanman, mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z kasbiy bilim va ko‘nikmalarimni muntazam oshirishga, zimmdagi vazifalarni mas’uliyat va sidqidildan bajarishga intilib kelmoqdaman.
Yuriskonsultlik — chuqur bilim, yuksak mas’uliyat, huquqiy tafakkur, tajriba va doimiy izlanishni talab etadigan kasblardan biridir. Shu bois ushbu sohada yetuk mutaxassis bo‘lish uchun muntazam ravishda o‘z ustida ishlash, qonunchilikdagi yangiliklarni o‘rganish, amaliy tajribani boyitish va kasbiy malakani oshirib borish muhim ahamiyatga ega.
Bugun men uchun quvonchli va ayni paytda kasbiy faoliyatimda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kunlardan biri bo‘ldi. Viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan malaka sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, malaka sertifikatiga ega bo‘ldim.
Mazkur natijaga erishishimda, avvalo, o‘z ustimda muntazam ishlaganim, bilim va tajribamni oshirishga bo‘lgan intilishim bilan bir qatorda, faoliyat yuritayotgan tashkilotimizda xodimlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda rahbariyatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlashning alohida o‘rni bor.
Men uchun ushbu sertifikat shunchaki kasbiy malakani tasdiqlovchi hujjat emas, balki kelgusida yanada ko‘proq izlanish, bilim va tajribamni oshirish, o‘z kasbimga bo‘lgan mas’uliyatni yanada chuqur his etish uchun muhim rag‘batdir.
Ishonamanki, doimiy izlanish, mehnatsevarlik, bilim va tajribani muntazam oshirib borish orqali har bir mutaxassis o‘z kasbiy faoliyatida yuqori natijalarga erisha oladi. Zero, zamonaviy davlat xizmatchisidan nafaqat bilim, balki yuksak mas’uliyat, halollik, tashabbuskorlik va o‘z kasbiga sadoqat ham talab etiladi.
Kasbiy rivojlanish — doimiy izlanish, bilim va mehnat samarasi.
Ahmedova Sohiba,
Namangan viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bosh yuriskonsulti

