#Mehnat_yarmarkasi Mehnat yarmarkasida yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor
2026-07-30 13:00:00 / Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston shaharchasi chinakam bunyodkorlik maskaniga aylanmoqda. Aholining ko‘p qavatli uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida zamonaviy turar joylar barpo etilmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari natijasida qurilish korxonalarida malakali mutaxassislar bilan bir qatorda oddiy yumushlar uchun ham shartnoma asosida ishlovchi xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan bugun UMS GROUP MChJ hududida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi Davlatobod tumanida istiqomat qilayotgan ishsiz yoshlar, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan fuqarolar hamda boshqa ishsiz aholini munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Viloyat hokimi boshchiligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda ham fuqarolarni ish bilan ta’minlashda, avvalo, hududning ichki imkoniyat va resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha alohida topshiriqlar berilmoqda. Mazkur mehnat yarmarkasi ana shu vazifalarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Yarmarkada tumandagi barcha mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari o‘z hududlaridagi ishsiz fuqarolar bilan ishtirok etdi. Fuqarolarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari tanishtirilib, qurilish obyektlaridagi mehnat sharoitlari, ish haqi, yaratilgan imkoniyatlar va ijtimoiy kafolatlar yuzasidan ish beruvchi korxona vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Yarmarka yakunida qurilish sohasida ishlash istagini bildirgan fuqarolarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilib, ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
@NamanganBandlik





