Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha ham kamchiliklar aniqlandi.
2026-09-11 14:40:00 / Yangiliklar
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha ham kamchiliklar aniqlandi. 69 ta arizadan faqat 18 tasi moliyalashtirilgan. So‘ralgan 2,3 mlrd so‘mdan atigi 405,3 mln so‘mi ajratilgan.
7 фотографий
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida mahallalarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan ishlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan "Inson qadri” tamoyili asosida ijtimoiy himoya tizimi yangi bosqichga olib chiqildi.
Ushbu masala Konstitutsiyamizning 1-moddasida ham O‘zbekiston Ijtimoiy davlat sifatida alohida belgilab qo‘yilgan
Bugungi kunda aholi ehtiyojidan kelib chiqib, 140 turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatda nogironligi bo‘lgan ishsiz fuqarolar soni 2024-yildagi 17 905 nafardan 7 618 nafarga kamaydi. Nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni ham 115 900 tadan 20 957 taga tushdi.
Joriy yil boshidan buyon ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha 7 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning atigi 20 foizi ijobiy hal etilgan. Zominda bu ko‘rsatkich 9 foiz, Sharof Rashidov va Forishda 16 foiz, Jizzax shahri hamda Zarbdorda 17 foizni tashkil etmoqda.
Ayrim mahallalarda murojaatlar sonining yuqoriligi ham mahalla darajasida aholi muammolari bilan ishlash samaradorligi yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Viloyat rahbari bunday holatlarga nisbatan tanqidiy yondashib, mahalla raisi va ijtimoiy xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Ijtimoiy xodimlar faoliyatida ham ijobiy misollar bilan birga kamchiliklar mavjud.
G‘allaorol tumani "Madaniyat” mahallasi ijtimoiy xodimi Qodirov Asliddin 8 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaroning bandligini ta’minlash, 3 nafarini oilaviy tadbirkorlikka jalb etish hamda ehtiyojmand fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda samarali ish olib borgani uchun "Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Biroq Sharof Rashidov tumani "Yuksalish” mahallasida 184 ta, "Bo‘ston”da 111 ta, "Ziyokor”da 90 ta, G‘allaorolning "Uzunbuloq” mahallasida 70 ta ariza o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan.
Mas’ullarga bunday holatlarga chek qo‘yish, bir oy ichida natija ko‘rsatmagan ijtimoiy xodimlar o‘rniga munosib va fidoyi kadrlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Muhtoj oilalar uchun foizsiz kredit resurslari mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim hududlarda ulardan samarali foydalanilmayapti. Baxmalda 824 mln so‘m, Sharof Rashidovda 712 mln so‘m, Zominda 526 mln so‘m, G‘allaorolda 419 mln so‘m kredit limiti ishlatilmay turibdi.
Bu holat mahalladagi mas’ullarning tashabbuskorligi va aholi bilan manzilli ishlash darajasini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Tuman hokimlariga mazkur masala bilan shaxsan shug‘ullanish va mas’ullar faoliyatini nazoratga olish topshirildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha ham kamchiliklar aniqlandi. 69 ta arizadan faqat 18 tasi moliyalashtirilgan. So‘ralgan 2,3 mlrd so‘mdan atigi 405,3 mln so‘mi ajratilgan.
Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida esa subsidiya olishga talabgor korxonalar ro‘yxati ham shakllantirilmagan. Ijtimoiy himoya boshqarmasiga 10 kun muddatda kamchiliklarni bartaraf etib, amaliy natija ko‘rsatish vazifasi yuklatildi.







