Tadbirkorlik va aholi bandligi masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot hududldrda izchil davom etmoqda
2026-09-10 18:50:00 / Yangiliklar
Davlat rahbarining joriy yil 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida kambag‘al oilalar bilan ishlashda manzilli va inklyuziv yondashuvni ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Sharof Rashidov tumanida tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda Markaziy bank raisining o‘rinbosari Sanjar Nosirov, “Agrobank” ATB Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Turdiyev, Markaziy bank Jizzax viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Muxamadali Ibragimov hamda tuman hokimi Asilbek Ashurov ishtirok etdi. Shuningdek, tumandagi hokim yordamchilari, mahalla bankirlari, tadbirkorlar va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi fuqarolar qatnashdi.
Muloqot davomida mahallalarda mikro, kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘al oilalar a’zolarini daromadli mehnatga jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan masalalar hamda yangi loyihalar bo‘yicha takliflarini bildirdi. Tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar esa o‘z biznes g‘oyalari, tashabbuslari va ularni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.
Bildirilgan taklif va tashabbuslar o‘rganilib, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.










