Davlat xizmatiga kirishda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
2026-07-31 14:25:00 / Yangiliklar
Davlat xizmatiga kirishda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar: ish stajisiz ham ochiq tanlovlarda ishtirok etish mumkin
Davlatimiz rahbarining Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda vazirlik va idoralar rahbarlariga iqtidorli yoshlarni mas’uliyatli boshqaruv lavozimlariga tayinlash, buning uchun mavjud sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida vazirlik va idoralarning hududiy hamda tuman (shahar) bo‘g‘inlaridagi boshlang‘ich lavozimlar uchun malaka talablari qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, ko‘plab lavozimlar bo‘yicha ish stajiga oid majburiy talablar bekor qilindi yoki sezilarli darajada yengillashtirildi.
Bugungi kunda vacancy.gov.uz yagona ochiq portalida e’lon qilingan davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining 176 tasi ish stajini talab etmaydi. Bu oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda mehnat faoliyatini endi boshlayotgan yosh mutaxassislar uchun davlat xizmatiga ochiq tanlovlar orqali kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.

