Buxoro shahrida o'tkazilgan sport tadbirlari
2025-09-26 12:05:00 / Yangiliklar

Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi Buxoro shahar 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida “Maktab ligasi” sport musobaqalariga ham rasmiy start berildi. Unga ko‘ra, musobaqalarning birinchi sinflararo maktab bosqichi 2025-yil 25-sentabrdan 5-oktabrgacha davom etadi. Sport tadbirlari doirasida voleybol, stol tennisi, estafeta yugurishlari va boshqa sport turlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilmoqda. Jumladan, 12-maktabda o‘g‘il bolalar o‘rtasida voleybol bo‘yicha "Maktab ligasi" musobaqalari yuqori ruhda o‘tmoqda.
Bundan tashqari, Buxoro shahar 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 5-tashabbus loyihasining “Quvnoq startlar” yo‘nalishi bo‘yicha yigit va qiz o‘quvchilar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi. Tadbir natijalariga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi. Bu kabi tadbirlarning davom etishi yosh avlodning jismoniy chiniqishi, sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.









