Buxoro shahrida 34 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi o'tkazildi
2025-08-28 17:50:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan, Buxoro shahrida ham yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan qator xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun keng ko‘lamli sunnat to‘yi marosimi uyushtirildi.
Ushbu xayrli tadbirda turli mahallalardan saralangan, oilalari moddiy jihatdan qiyin ahvolda bo‘lgan 34 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi bo‘lib o‘tdi. Shahar hokimligi va O'zbekiston Mahallalari uyushmasi shahar bo'limi tomonidan tashkillashtirilgan to‘y marosimida bolalar uchun milliy liboslar, esdalik sovg‘alar tayyorlanib, ularga maxsus bayram dasturxoni tashkil etildi.
Sunnat to‘yi munosabati bilan so‘zga chiqqan shahar hokimi Qurbon Tursunov mustaqilligimiz tufayli yurtimizda tinchlik, barqarorlik va xalq manfaatini ko‘zlagan ezgu islohotlar samarasida aynan shunday tadbirlarni hayotga tatbiq etish imkoni paydo bo‘lganini ta’kidlab, bolajonlarga o'zining ezgu tilaklarini bildirdi.
Bu kabi insonparvarlik tashabbuslari xalqimiz o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashga, farzandlarimizni Vatanga muhabbat va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirda san’atkorlar chiqishlari, bolalar uchun o‘yin-kulgilar va madaniy dasturlar bo‘lib o‘tdi.
Bunday xayrli tadbirlar – Mustaqillik bayramining ma’naviy sharafini yuksaltirib, xalqimiz qalbida yurtga, Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqatni yanada mustahkamlaydi.









