58-DMTT zamonaviy qiyofaga kirmoqda
2025-07-12 15:10:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda qurilayotgan va yangilanayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari zamonaviy arxitektura, qulay infratuzilma hamda boy moddiy-texnik baza bilan ta’minlanmoqda. Xususan, Buxoro shahridagi 1987-yilda qurilgan 240 o‘rinli 58-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham hozirgi vaqtda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu ta'lim muassasasi ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan edi. "G'ijduvon gold building" MChJ pudratchi tashiloti tomonidan 1 mlrd so'm mablag' evaziga zamonaviy ko'rinish kasb qilmoqda.
Mazkur ishlar jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida bugun Buxoro shahar hokimining o‘rinbosarlari M. Amonov va F. Hamroyev tomonidan ushbu bog‘chada o‘rganish ishlari olib borildi. Tashrif davomida qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirilib, quruvchi-ustalar bilan muloqot qilindi. Muloqot chog‘ida rekonstruksiya ishlarini belgilangan muddatda va sifatli yakunlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, yaratilayotgan bunday zamonaviy sharoitlar bolalarning aqliy, jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, barkamol avlodni tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.






