“Ma’naviyat va ma’rifat maskani” ish boshladi
2025-05-21 11:00:00 / Yangiliklar

Xususan Davlatimiz rahbari 2021-yil 26-martda imzolagan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda “Ma’naviyat va ma’rifat” maskanini tashkil etish to‘g‘risida taklif berilgandi.
Bugun Buxoro shahri markazida ham “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” ish boshladi. Shu munosabat bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda shahar hokimligi vakillari, soha mutaxassislari, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Maskanda kutubxona, ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladigan zal, interaktiv o‘quv xonalari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan xonalar mavjud.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi markaz yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual salohiyatini oshirish va ma’naviy tarbiyasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini, shu bilan birga, bu kabi maskanlarni tashkil etish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning yana bir amaliy ifodasi ekanini qayd etishdi.
Shundan so‘ng alvon lenta qirqilib, mehmonlar maskanda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.









