Xotin-qizlar bandligini ta’minlash — kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi muhim qadam
2026-10-29 20:25:00 / Yangiliklar

Aholi soni 16 ming nafardan ortiq bo‘lgan mazkur mahallada qishloq xo‘jaligi va chorvachilik asosiy iqtisodiy drayverlardan hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi, xususan, xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va ularning iqtisodiy faolligini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahallada samarali mehnat va tashabbuskorlik namunasini ko‘rsatayotgan fuqarolardan biri Marziya opa Qurbonova. U 45 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘idan foydalanib, issiqxona xo‘jaligini kengaytirgan. Natijada 15 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga, ularning daromad topishi va oilaviy farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Işiqxonasida asosan bodring, baqlajon, bulg'or va achchiq qalampir yetishtirayorgan Marziya opa yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan mamnun.
Bu kabi tashabbuslar xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilalar daromadlarini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida muhim ahamiyatga ega.
Zero, xotin-qizlar bandligini ta’minlash — oilalar farovonligini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish va jamiyat taraqqiyotini ta’minlashning muhim omilidir.






