Milliy qadriyatlar va tadbirkorlik rivoji yo‘lida
2026-10-26 18:10:00 / Yangiliklar

Sanjar Nazarov 2001-yildan buyon hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hunarmandlar oilasida voyaga yetgan tadbirkor ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy hunarlarni davom ettirish bilan birga, Buxoro kashtachilik maktabi an’analarini saqlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.
Bugungi kunda uning faoliyati doirasida 200 nafarga yaqin yollanma ishchi mehnat qilmoqda. Ular tikuvchilik, to‘quvchilik va kashtachilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritib, milliy naqshlar va nafis bezaklar bilan boyitilgan mahsulotlar tayyorlamoqda. Ishchilarga mehnat faoliyati va bajarilgan ish hajmiga qarab kuniga 200 ming so‘mgacha ish haqi to‘lanadi. Bu esa ko‘plab oilalar daromad manbai va farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirkor mahsulotlarni buyurtmalar asosida tayyorlab, nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro bozorda ham o‘z xaridorlariga ega bo‘lgan. Uning hunarmandchilik mahsulotlari Yevropa va Amerika davlatlariga ham yetkazib beriladi. Jumladan, kashtachilik san’ati bilan bezatilgan sumkalar 250 AQSh dollaridan, kashta tushirilgan adras matolari esa 1 000 AQSh dollaridan sotilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Buxoro milliy hunarmandchiligining yuksak badiiy qiymati va xorijiy bozorlardagi talabini namoyon etadi.
Sanjar Nazarov nafaqat milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, balki uning davomiyligini ta’minlashga ham katta ahamiyat bermoqda. U yosh avlodga milliy hunar sirlarini o‘rgatish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda an’anaviy san’atimizga bo‘lgan qiziqishini oshirishga intilmoqda.
Bunday tashabbuskor tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va yoshlarni hunarmandchilikka jalb etish orqali hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish mumkin. Sanjar Nazarovning faoliyati esa milliy meros, tadbirkorlik va bandlikni o‘zida mujassam etgan samarali mehnat namunasidir.






