Xonadondagi limonzor — oilaviy daromad manbai
2026-10-22 17:35:00 / Yangiliklar

Mahallaning Ahmad Borband ko‘chasi, 24-uyda yashovchi Nigina Ochilova ishdan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, qo‘shimcha daromad topish va oilasi farovonligini yanada oshirish maqsadida qaynotasi O‘ktam Jabborov bilan birgalikda o‘z xonadonida limonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Oila a’zolarining mehnati, izlanishi va parvarishi natijasida xonadondagi limon ko‘chatlari hosilga kirib, bugun ko‘zni quvnatadigan manzara hosil qilgan. Mo‘l hosildan umidvor oila a’zolari o‘z mehnatlarining samarasini ko‘rib, mamnunlik bilan faoliyatlarini davom ettirmoqda. Mavjud limonzordan yiliga taxminan 400–500 kilogramm hosil olish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu oila byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nigina Ochilova suhbat davomida xonadonda yo‘lga qo‘yilgan ushbu faoliyat oilasi uchun nafaqat qo‘shimcha daromad manbai, balki mehnatsevarlik va tashabbuskorlik namunasi ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, yerdan unumli foydalanish, har bir imkoniyatni qadrlash va mehnatga astoydil yondashish orqali yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Nigina Ochilova va O‘ktam Jabborovning xonadonda limonchilikni yo‘lga qo‘ygani oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va farovonlikni oshirish yo‘lidagi ibratli tashabbuslardan biridir. Bunday sa’y-harakatlar mahallada tadbirkorlik muhitini mustahkamlash, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish hamda boshqa oilalarni ham o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanishga undashga xizmat qiladi.






