Buxoro shahrida asosiy fan olimpiadalariga start berildi
2026-10-15 11:35:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 15–27-oktabr kunlari Buxoro shahrida 2026/2027-o‘quv yili uchun asosiy fan olimpiadalarining shahar bosqichi o‘tkazilmoqda.

Mazkur olimpiadalar 13 ta asosiy fan bo‘yicha 3 smenada tashkil etilib, jami 2 046 nafar o‘quvchi o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishi kutilmoqda.
Bugun, 12-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida (IDUM) geografiya fanidan olimpiadaning shahar bosqichiga start berildi.
Tadbirda Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Feruz Hamroyev ishtirok etib, bilimlar bellashuviga kirishgan o‘quvchilar bilan uchrashdi hamda ularga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shahar bosqichi iqtidorli yoshlarning bilimini sinovdan o‘tkazish, ularning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish va kelajakdagi yutuqlariga mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.









