Buxoro shahridagi mahallalarda obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish ishlari muhokama qilindi
2026-10-14 13:10:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Bog‘imaydon” mahallasi tajribasi asosida ishlab chiqilgan loyiha doirasidagi vazifalar, belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, mahallalarda yangi mahalla binosi va yoshlar kutubxonasini tashkil etish, jamoat maskani barpo qilish, 3 ta bolalar maydonchasini qurish hamda ko‘p qavatli uylarning 6 ta fasad qismiga tasvirlar tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, piyodalar yo‘laklarining 9 ming kvadrat metr qismini qurish, 3,3 kilometr sug‘orish tizimini barpo etish, 32 ta ko‘p qavatli uyning tashqi va ichki qismlarini ta’mirlash, 18 ming kvadrat metr ichki yo‘llarni asfaltlashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 24 ta videokuzatuv kamerasini o‘rnatish, 44 ta kirish eshigiga kodli qulf o‘rnatish, hududlarga 1 ming tup manzarali daraxt ekish hamda favvoralar tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.
Aholi bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, 36 ta yangi savdo nuqtasini ishga tushirish orqali 240 nafar fuqaro uchun ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Shtab yig‘ilishida mazkur ishlarni o‘zaro muvofiqlashtirish, mas’ul tashkilotlar hamkorligini ta’minlash hamda belgilangan vazifalarning ijrosini samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Rejalashtirilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, hududlarni yanada obod qilish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga erishish ko‘zda tutilgan.









