Ibn Sino ko‘chasi zamonaviy va shinam hududga aylantirilmoqda
2026-10-12 12:50:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida umumiy uzunligi 2,3 kilometr bo‘lgan yo‘l qismining ikki tomonida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va zamonaviy infratuzilmani yaratish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 21,8 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 18 milliard so‘m buyurtmachi mablag‘lari, 3,8 milliard so‘m esa respublika mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Hududda 25 dona ko‘cha chirog‘i, 20 dona manzarali dekorativ chiroq, 25 ta chiqindi qutisi va 30 dona o‘rindiq o‘rnatiladi. Shuningdek, sun’iy favvora, dekorativ stellalar va kichik arxitekturaviy elementlar barpo etiladi. Yo‘lning 1 kilometr qismida bruschatka yotqizilib, 2,3 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lakchalari quriladi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida hududning zamonaviy qiyofasi shakllantirilib, aholi va shaharga tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay va shinam muhit yaratiladi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasida 10 ta obyektni tashkil etish va kengaytirish hamda 50 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shahar hokimi hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish davomida loyiha doirasidagi vazifalarning sifatli bajarilishi, belgilangan muddatlarga rioya etilishi va yaratiladigan infratuzilmaning zamonaviy talablarga mos bo‘lishiga e’tibor qaratdi.









