Oilaviy tadbirkorlik — aholi bandligini ta’minlashning muhim omili
2026-10-12 12:10:00 / Yangiliklar

Jumladan, “Havzi-nav” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida, Ahmad Borband ko‘chasi, 29-uyda istiqomat qiluvchi Nodirabegim Ergasheva xonadon sharoitida pishiriqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oilasi uchun qo‘shimcha daromad manbasini yaratgan edi.
Faoliyatga bo‘lgan talab va buyurtmalarning ortib borishi Nodirabegimdan ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va zarur jihozlar bazasini mustahkamlashni taqozo etdi. Shu maqsadda u mahalladagi xotin-qizlar faoli hamda hokim yordamchisiga murojaat qildi.
Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan zamonaviy pishiriq pechi, muzlatgich va faoliyat uchun zarur bo‘lgan boshqa asbob-uskunalarni xarid qilishga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida N.Ergashevaning ishlab chiqarish imkoniyatlari kengayib, xonadonda oilaviy tadbirkorlik faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayni paytda u oila a’zolari bilan birgalikda faoliyat yuritib, 3 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlamoqda.
Eng muhimi, ushbu tashabbus orqali bir oila uchun barqaror daromad manbai yaratilishi bilan bir qatorda, qo‘shimcha ish o‘rinlari ham tashkil etildi. Bu esa mahallada aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni daromadli mehnatga jalb etish va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijasidir.






