Rasmiy munosabat
2026-09-03 22:55:00 / Yangiliklar
Murojaatda ko‘tarilgan masalalar, xususan, 25-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining holati mas’ullar tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida mazkur tashkilot binosida foydalanib kelinayotgan ayrim deraza va eshiklar ma’nan hamda jismonan eskirgani, ularni ta’mirlash yoki yangilash zarurati mavjudligi qayd etildi. Mazkur holat ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun munosib va xavfsiz sharoitlarni ta’minlash nuqtai nazaridan tanqidiy baholandi.
Shu bilan birga, murojaatda keltirilgan mas’ullarning loqaydligi, ob’yektlarni dasturlarga kiritishda sun’iy to‘siqlar yaratilishi hamda korrupsiyaviy holatlar haqidagi vajlar belgilangan tartibda o‘rganilishi lozimligi belgilab olindi. Qonunbuzilish holatlari tasdiqlangan taqdirda, aybdor shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli choralar ko‘riladi.
25-sonli DMTTning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, jumladan, eskirgan deraza va eshiklarni bosqichma-bosqich yangilash hamda ta’mirlash ishlarini tegishli dasturlar doirasida amalga oshirish masalasi mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Buxoro shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining holatini muntazam o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, rahbar va mas’ul xodimlarning mas’uliyatini oshirish hamda murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni sun’iy ravishda cho‘zmasdan, qonuniy va shaffof tartibda hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
