O‘qituvchi va murabbiylar e'zozda
2026-09-30 19:00:00 / Yangiliklar

Tadbirni Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni hamda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulkan hissasini alohida e’tirof etdi. Shahar hokimi barcha pedagoglarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, ularga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatlarida zafarlar tiladi.
Tadbir davomida ta’lim sohasidagi ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati uchun bir guruh ustoz va murabbiylarga shahar hokimligining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbiri bir piyola choy ustida, samimiy va samimiyatga boy muloqot ruhiyatida davom etdi. Unda ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirish, ta’lim sifatini oshirish hamda yoshlar tarbiyasidagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashindi.
Ko‘tarinki kayfiyat va yuksak ehtirom ruhida o‘tgan ushbu tantana barcha ishtirokchilarda unutilmas va yorqin taassurotlar qoldirdi.









