14-sonli DMTTning yangilangan binosi foydalanishga topshirildi
2026-09-21 17:05:00 / Yangiliklar

O‘tgan asrning 70-yillarida barpo etilgan, 180 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan mazkur muassasa ko‘p yillar davomida mukammal ta’mir ko‘rmagan edi. Endilikda esa umumiy qiymati 7 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida bino to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy va qulay ta’lim muhiti yaratildi.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-maydagi 300-sonli «Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilib, muassasada energiya tejamkor texnologiyalar keng joriy etildi.
Xususan, binoda zamonaviy quyosh panellari o‘rnatilib, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, bolajonlar uchun qulay va sog‘lom muhit yaratish maqsadida zamonaviy «issiq pol» tizimi o‘rnatildi.
Qurilish-pudrat ishlari tanlov asosida «Kapital sifat servis» MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Ta’mirlash jarayonida muassasaning ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq yangilandi, xonalar zamonaviy talablar asosida jihozlandi hamda energiya samaradorligini ta’minlashga qaratilgan texnologiyalar joriy etildi.
Yangilangan bog‘chada tarbiyalanuvchilarning xavfsiz, shinam va zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratildi. Tadbirda ta’kidlanganidek, maktabgacha ta’lim muassasalarini zamonaviylashtirish, ularda energiya samaradorligini ta’minlash va bolalar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish kelajak avlodga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Ochilish marosimida muassasa jamoasi va qurilish ishlarida ishtirok etgan mutaxassislarga minnatdorchilik bildirilib, yangilangan maskanda tarbiyalanuvchi bolajonlarga sog‘lik, baxt va porloq kelajak tilab qolindi.









