Rasmiy munosabat
2026-09-14 16:50:00 / Yangiliklar
Buxoro shahri hududidagi «Buxara Siti» zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazida ko‘p qavatli uylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida «Buxoroenergomarkaz» AJ tomonidan issiqlik tarmoqlari quvurlarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur qurilish-montaj ishlarini sifatli va xavfsiz bajarish maqsadida videolavhada ko‘rsatilgan Buxoriy ko‘chasining ayrim qismi vaqtincha transport harakati uchun yopilgan.
Yo‘lning vaqtincha yopilishi va qazish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha mas’ul tashkilotlardan belgilangan tartibda tegishli ruxsatlar olingan.
Hozirda mazkur hududda zarur ishlar belgilangan tartibda olib borilmoqda. Buxoriy ko‘chasidagi ishlar 3 kun muddatda yakunlanib, avtomobil harakati qayta tiklanishi rejalashtirilgan.
Shahar aholisi va avtotransport vositalari haydovchilaridan vaqtinchalik noqulayliklarni to‘g‘ri tushunishlarini hamda ushbu hududda harakatlanishda yo‘l harakati xavfsizligi talablariga rioya qilishlarini so‘raymiz.
