Kasb ortidan kelgan baraka
2026-09-08 11:30:00 / Yangiliklar

Zulfiya Safоyeva 2022-yilda 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Dastlab 4 ta tikuv mashinasi bilan ish boshlagan tadbirkor bugungi kunga kelib o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, tikuv mashinalari sonini 10 taga yetkazdi.
Joriy yilda tadbirkor va uning turmush o‘rtog‘iga 50 million so‘mdan, jami 100 million so‘m kredit ajratilib, mavjud faoliyatni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratildi.
Bugungi kunda Zulfiya Safоyeva 10 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlagan bo‘lib, shuningdek, 5 nafar shogirdga kasb-hunar o‘rgatib, ularning kelajakda mustaqil daromad topishi uchun zamin yaratmoqda.
Tadbirkorning oylik daromadi 10–15 million so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda. U asosan mahalliy aholi buyurtmalari asosida milliy uslubdagi kelin ko‘ylaklari tayyorlaydi. Shu bilan birga, mahsulotlarini Buxoro shahrining Eski shahridagi savdo do‘konlariga ham realizatsiya qilib, o‘z mahsulotlarining bozorini kengaytirib bormoqda.
Zulfiya Safоyevaning bugungi faoliyati tadbirkorlikni boshlash uchun katta sarmoyadan ko‘ra, mehnat, harakat, tashabbus va berilgan imkoniyatdan unumli foydalanish muhim ekanining yorqin namunasidir.
Uning tadbirkorlikdagi yutuqlari nafaqat oilasi farovonligini ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarga hunar o‘rgatish va milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirishga ham xizmat qilmoqda.





