Qarovsiz xonadon zamonaviy mehmonxonaga aylantirildi
2026-09-07 11:50:00 / Yangiliklar

"Ko'kaldosh" mahallasi "Poyi Ostona" ko‘chasi, 1-uyda qarovsiz holda turgan xonadon tadbirkor Azizbek Sattorov tomonidan samarali foydalanishga kiritilib, zamonaviy talablarga javob beradigan «MEROS» mehmonxonasiga aylantirildi.
Tadbirkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Azizbek Sattorov hamda uning turmush o‘rtog‘iga 33 million so‘mdan kredit mablag‘lari ajratildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan xonadon rekonstruksiya qilinib, mehmonxona zarur mebel va jihozlar bilan ta’minlandi hamda xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda «MEROS» mehmonxonasida 10 ta xona mavjud bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 20 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyati yaratilgan. Mehmonxona faoliyati orqali 4 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Mehmonxonada mahalliy va xorijiy sayyohlarga zamonaviy joylashtirish va mehmondo‘stlik xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Xususan, Buxoroga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy turistlar uchun qulay yashash sharoitlari yaratilgan.
Tadbirkorlik subyektining oylik daromadi hozirda 4–6 million so‘m atrofida shakllanmoqda. E’tiborlisi, mazkur loyiha orqali avval foydalanilmay turgan xonadon iqtisodiy faoliyatga jalb qilinib, turistik joylashtirish vositasi sifatida qayta tashkil etildi. Bu esa bir vaqtning o‘zida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shaharning turistik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Bunday tashabbuslar Buxoro shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xizmatlar sohasini kengaytirish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun joylashtirish infratuzilmasini yanada boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.







