Istiqlol tuhfasi: Buxoro shahridagi 34-maktabda zamonaviy ta’lim muhiti yaratildi
2026-09-02 15:30:00 / Yangiliklar

Ta’lim infratuzilmasini takomillashtirish, o‘quv binolarining funksional imkoniyatlarini kengaytirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda zamonaviy pedagogik jarayonlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Buxoro shahridagi 34-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilgan keng ko‘lamli rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.
Mazkur ta’lim maskanida Investitsiya dasturi doirasida 14,4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, ichki qismini kapital ta’mirlash, o‘quv jarayoni uchun zarur infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini “ELBETON” MCHJ quruvchilari tomonidan sifatli va belgilangan loyiha talablari asosida bajarildi.
Rekonstruksiya jarayonida maktab binosining ichki va tashqi qiyofasi tubdan yangilanib, sinf xonalari, yo‘laklar, umumiy foydalanish hududlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari zamonaviy standartlar asosida ta’mirlandi. Elektr ta’minoti, isitish, suv ta’minoti va boshqa muhandislik infratuzilmasi tizimlari takomillashtirilib, ta’lim jarayonining uzluksizligi va xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
1176 o‘rinli maktabning yangilangan binosi o‘quvchilar uchun yanada qulay va zamonaviy ta’lim olish imkoniyatlarini yaratmoqda. Yorug‘ va shinam sinf xonalari, tartibga keltirilgan yo‘laklar, yangilangan kommunikatsiya tizimlari hamda obodonlashtirilgan hudud ta’lim muassasasining zamonaviy qiyofasini yanada boyitdi.
Mustaqillikning 35 yillik shodiyonalari davom etayotgan ayni kunlarda yangilangan maktabning foydalanishga topshirilishi ayniqsa 2-sentabr "Bilimlar kuni" munosabati bilan o‘ziga xos bayramona ruhda nishonlandi. Bayram tadbirida maktab jamoasi, o‘quvchilar, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, ta’lim maskanining yangilangan qiyofasi bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, uzoq kutilgan yangi o‘quv yilini zamonaviy va shinam maktab binosida boshlayotgan o‘quvchilarning quvonchi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Yangi o‘quv yilida 34-maktabning birinchi sinfiga 214 nafar bolajon qabul qilindi. Ular uchun maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘yish jarayoni unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Umuman, joriy o‘quv yilida ta’lim maskanida 1120 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda barkamol shaxs sifatida tarbiyalash yo‘lida 85 nafar pedagog xodim fidokorona mehnat qilmoqda.
Bilimlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda o‘quvchilar tomonidan Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat, ustozlarga hurmat va ilm-ma’rifatga intilish g‘oyalarini tarannum etuvchi chiqishlar namoyish etildi. Birinchi sinfga qadam qo‘ygan jajji o‘quvchilarga ezgu tilaklar bildirilib, ularga yangi o‘quv yilida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.
Maktab — nafaqat bilim beriladigan, balki yosh avlodning dunyoqarashi, ma’naviyati va kelajakdagi hayot yo‘li shakllanadigan muhim maskandir. Shu bois ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash, pedagoglar va o‘quvchilar uchun munosib shart-sharoit yaratish kelajak avlodga qaratilgan eng muhim investitsiyalardan biridir.
Buxoro shahridagi 34-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangilangan qiyofasi ham bunyodkorlik va taraqqiyotning amaliy natijasi sifatida o‘quvchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Eng muhimi, yangi o‘quv yilining zamonaviy, qulay va xavfsiz ta’lim muhitida boshlangani o‘quvchilar, ota-onalar va ustozlar uchun katta quvonch baxsh etdi.








