Rasmiy munosabat
2026-08-24 22:45:00 / Yangiliklar
Buxoro shahri, “Bunyodkor” MFY, Zulfiya ko‘chasi, 7-sonli ko‘p qavatli uy atrofidagi hududning obodonlashtirilmaganligi, tuproq changining ko‘tarilishi, asfalt qoplamalarining turli tashkilot va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bir necha marotaba kovlab buzilganligi hamda hududda tungi yoritish chiroqlari yetarli darajada o‘rnatilmaganligi yuzasidan bildirilgan murojaat tegishli mutasaddi tashkilotlar ishtirokida batafsil o‘rganib chiqiladi.

O‘rganish jarayonida ko‘p qavatli uy atrofidagi yo‘l va piyodalar yo‘laklarining holati, asfalt qoplamalarining buzilishiga sabab bo‘lgan omillar, qurilish ishlarini olib borayotgan quruvchilar, restoran egalari, elektr tarmoqlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hududda amalga oshirilgan qazish ishlari hamda ulardan so‘ng hududning qay holatda qoldirilganligiga huquqiy baho beriladi.
Shuningdek, hududda tuproq changining ko‘tarilishini bartaraf etish, buzilgan yo‘l va asfalt qoplamalarini tiklash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda ko‘p qavatli uy atrofini tungi vaqtda yetarli darajada yoritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanadi.
