Buxoro turizmini rivojlantirishda Xitoy tajribasidan foydalaniladi
2026-08-29 10:30:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz bilan uchrashuv tashkil qilinib, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Urumchi va Qashqar shaharlarida turizm bozorlari, muzeylar, tarixiy hududlar va turistik infratuzilma faoliyati o‘rganildi.
Xususan, Qashqar eski shahrida tarixiy muhitni saqlagan holda savdo, hunarmandchilik, milliy gastronomiya, madaniy tadbirlar va kechki turizmni yo‘lga qo‘yish tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganilgan tajribalar asosida Buxoro shahrida turistlarning bo‘lish muddatini uzaytirish, tarixiy-madaniy obyektlar, muzeylar, hunarmandchilik markazlari, savdo va gastronomiya ob’yektlarini yagona turistik marshrutga birlashtirish, shuningdek, kechki turizmni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Xitoy tajribasining joriy etilishi Buxoroning turistik salohiyatini yanada oshirish va shaharni xalqaro turizmning jozibador markazlaridan biri sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.






