Rasmiy munosabat
2026-08-24 21:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatining turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi maxsus qaroriga asosan akademik “M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Buxoro ilmiy tajriba stansiyasi” balansida bo‘lgan jami 47,98 gektar yer maydoni, shundan 38 gektari sug‘oriladigan yer maydoni va 10,02 gektari boshqa yerlar hisobidagi yer maydonlari “Buxoro turizm markazi”ni barpo etish loyihasini amalga oshirish maqsadida korxona tomonidan 2026-yil 1-iyuldagi 989-sonli reyestr raqami bilan ixtiyoriylik asosida notarial tasdiqlangan arizaga asosan shahar hokimligi zaxira yerlari hisobiga topshirilgan.
Shundan, “Gulchorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan zaxiraga qaytarilgan yerlarning 13q, 16q, 18q, 32q, 35q, 44, 46, 48, 47 va 52-konturlarida jami 19,07 gektar maydonda ko‘p yillik daraxtzor bog‘lar tashkil qilingan. Ushbu ko‘p yillik daraxtzor bog‘lar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 535-sonli qaroriga asosan ilmiy tajriba stansiyasi tomonidan bog‘dorchilik tashkil etilganligi hamda ko‘chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga asosan tashkil etilgan bog‘-tokzorlar, ya’ni ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va davlat xizmatlari ro‘yxatidan o‘tkazilib, dalolatnoma asosida rasmiylashtirilgan.
Fuqaro Parsaеva Muborakjon Rahimovna tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan murojaatda ko‘tarilgan masala aslida ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydoniga taalluqlidir. Xususan, 52-konturdagi 3,34 gektar bog‘ maydonida 5x3 sxemada jami 2 089 tup daraxt ko‘chatlari mavjud bo‘lgan. Xatlov natijasiga ko‘ra, mazkur maydonda olma daraxti — 260 tup, shaftoli daraxti — 876 tup, shaftoli (hosilsiz) — 100 tup, olxo‘ri daraxti — 682 tup, o‘rik daraxti — 15 tup, behi — 156 tup ko‘chatlari mavjudligi aniqlangan.
Shu bilan birga, Buxoro shahri, Gulchorbog‘ MFY, Juvozqog‘oz ko‘chasi 37-uyda yashovchi fuqaro Parsaеva Muborakjon Rahimovna ilmiy tajriba stansiyasiga tegishli bo‘lgan mazkur bog‘ yer maydoni uchun oilaviy pudrat shartnomasi tuzmagan va bunday shartnoma mavjud emas.
O‘rganishlar davomida fuqaro Parsaеva Muborakjon Rahimovnaning jiyani Parsoev Ulug‘bek Rahimovich ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli 52-konturdagi 3,34 gektar bog‘ yer maydonida 2026-yil 10-fevralda 19-sonli shartnoma asosida bir yillik oilaviy pudrat shartnomasi tuzganligi aniqlandi.
Qayd etish lozimki, ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli bo‘lgan yer maydonida ishlab kelgan fuqarolarga bir yillik oilaviy pudrat shartnomasi asosida beriladigan ekin va sug‘oriladigan yerlarda o‘zboshimchalik bilan ko‘p yillik bog‘ tashkil qilishga ruxsat berilmaydi. Bordi-yu, tashkilotga tegishli bo‘lgan yer maydonida oilaviy pudrat shartnomasi asosida faoliyat yuritayotgan fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan ko‘p yillik bog‘ tashkil qilishga ruxsat berilgan taqdirda, korxona rahbari javobgar hisoblanadi.
Shuningdek, videomurojaatda keltirilgan barcha vajlar ham asosli emas. Xususan, Parsaеva Muborakjon Rahimovna shu vaqtga qadar mazkur masala yuzasidan shahar hokimligiga biror marta murojaat qilmagan.
Ayni vaqtda ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli bo‘lgan mevali daraxtlar tegishli korxonalar tomonidan o‘rganib chiqilib, ko‘p yillik daraxtlar baholangan va hisoblab chiqilgan. Yetkazilgan zarar miqdori hisob-kitob qilinib, belgilangan tartibda shahar hokimligi tomonidan to‘lab berilishi kafolatlangan.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlar faollaridan har qanday ma’lumot va murojaatlarni keng jamoatchilikka e’lon qilishdan avval, masalani barcha tomonlar ishtirokida xolis va atroflicha o‘rganishlarini so‘rab qolamiz.
