Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunar
2026-08-21 10:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Ilyor Jumaev o‘z xonadonida oilaviy ustaxona tashkil etib, duradgorlik faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Xonadonida joylashgan ustaxonada 40 dan ortiq turdagi duradgorlik buyumlari tayyorlanadi. Mahsulotlarga ishlov berilib, rang beriladi va xaridorga tayyor holatda taqdim etiladi.
Ustaning faoliyatida oilaviy an’analar alohida o‘rin tutadi. Hozirda u otasi, o‘g‘li, nabirasi hamda 3 nafar shogirdi bilan birgalikda mehnat qilib, yosh avlodga duradgorlik hunarining sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.
Xonadonida o‘ziga xos uy-muzey ham tashkil etilgan. Mazkur maskanga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlar nafaqat tayyor mahsulotlar bilan tanishish, balki ularning tayyorlanish jarayonini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega. Sayyohlar uchun hunarmandning xonadoni milliy hunarmandchilik an’analari bilan yaqindan tanishish mumkin bo‘lgan qiziqarli maskanga aylangan.
Usta tomonidan tayyorlangan mahsulotlar xonadonning o‘zida ham sotiladi. Shuningdek, Eski shahar qismida joylashgan do‘koni orqali ham o‘z mahsulotlarini xaridorlarga taklif etadi. Ayniqsa, sayyohlik mavsumida mahsulotlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, hunarmandning daromadi o‘rtacha 10–15 million so‘mni tashkil etadi.
"Ko‘kaldosh" mahallasida faoliyat yuritayotgan ushbu oilaviy ustaxona bugungi kunda hunarmandchilik, oilaviy an’ana va turizm uyg‘unlashgan o‘ziga xos maskanlardan biridir.






