Bayram shukuhi — arzon va sifatli mahsulotlar bilan
2026-08-16 11:10:00 / Yangiliklar

Jumladan, Buxoro shahridagi "Markaziy dehqon bozori" hududida 10-avgustdan 10-sentabrga qadar arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yarmarkada aholi kundalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan 24 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari savdosi tashkil etilgan.
Xususan, yarmarka rastalarida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, guruch, kartoshka, piyoz, sabzi kabi qishloq xo‘jaligi va poliz mahsulotlari, turli xil mavsumiy mevalar, o‘simlik yog‘i hamda boshqa iste’mol tovarlari bozor narxlariga nisbatan arzonlashtirilgan qiymatlarda xaridorlarga taklif etilmoqda.
Savdo yarmarkasida mahsulotlarning yetarli zaxirasi shakllantirilgan bo‘lib, aholi talabini uzluksiz qondirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Bu esa ichki iste’mol bozorida mahsulotlar ta’minoti barqarorligini saqlash, sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, yangi o‘quv yili arafasida aholi, ayniqsa, ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida Markaziy dehqon bozorida «Maktab bozori» ham tashkil etilgan. Unda 100 dan ortiq turdagi o‘quv qurollari va maktab anjomlari xaridorlarga «birinchi qo‘l» tamoyili asosida, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar tomonidan taklif etilmoqda.
Tashkil etilgan mazkur savdo yarmarkalari aholining ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda, zarur mahsulotlarni arzon, sifatli va kafolatlangan tarzda xarid qilish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, bayram oldidan ichki bozorda iste’mol tovarlari narxlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Bunday yarmarkalarning tizimli tashkil etilishi aholi farovonligini oshirish, iste’mol bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va xalqimizning bayramona kayfiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.









