Buxoro shahrida yangi zamonaviy oilaviy poliklinika bunyod etilmoqda
2026-07-14 09:05:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov ishtirok etib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Qurilishning xayrli va barakali bo‘lishi tilab, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida Qur’on tilovat qilinib, duolar o‘qildi.
Ma’lumki, mazkur poliklinika shu vaqtgacha 1972-yilda qurilgan, avval Buxoro paxta-to‘qimachilik kombinati (XBK) yotoqxonasi sifatida foydalanilgan binoda faoliyat yuritib, 45 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelgan. Binoning eskirgani va zamonaviy tibbiyot talablariga javob bermasligi bois, uni yangidan qurish zarurati yuzaga kelgan.
Prezident Administratsiyasi rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqqa asosan, eski bino o‘rnida barcha zamonaviy talablarga javob beradigan yangi tibbiyot muassasasini barpo etish ishlari boshlandi.
Loyihaga ko‘ra, hududda bir smenada 350 qatnov quvvatiga ega bo‘lgan 5 qavatli zamonaviy oilaviy poliklinika bunyod etiladi. Qurilish ishlari uchun 24 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.
Yangi poliklinikada oilaviy shifokorlar, tor soha mutaxassislari, diagnostika va laboratoriya xizmatlari hamda tez tibbiy yordam bo‘limi faoliyat yuritadi. Muassasa ilg‘or tibbiy uskunalar va zamonaviy diagnostika jihozlari bilan jihozlanib, aholiga ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifati va qulayligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlab, zamonaviy poliklinikani qisqa fursatda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha Buxoro shahrida sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, aholining sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.









