Rasmiy munosabat
2026-07-09 22:30:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida jamoat transporti harakatini samarali tashkil etish, yo'lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish hamda yo'l harakati xavfsizligi talablarini ta'minlash maqsadida 4 ta avtobus bekatini barpo etish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim fuqarolar tomonidan avtobus bekatini o'z yashash xonadoni yoki o'ziga qulay bo'lgan hududda tashkil etish yuzasidan murojaatlar bildirilmoqda.
Shu munosabat bilan ma'lum qilamizki, avtobus bekatlarining joylashuvi fuqarolarning individual xohish-istaklari asosida emas, balki tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari, yo'lovchilar oqimi, mavjud jamoat transporti yo'nalishlari, yo'lning geometrik ko'rsatkichlari, piyodalar harakati, chorrahalar, muhandislik kommunikatsiyalari hamda yo'l harakati xavfsizligi talablaridan kelib chiqib belgilanadi.
Amaldagi shaharsozlik va transportni loyihalash me'yorlariga ko'ra, shahar ko'chalarida jamoat transporti bekatlari orasidagi tavsiya etiladigan masofa, odatda, 400–600 metr etib belgilanadi. Mazkur me'yor jamoat transporti harakatining uzluksizligini, qatnov jadvaliga rioya etilishini, yo'lovchilar xavfsizligini hamda transportning iqtisodiy samaradorligini ta'minlashga qaratilgan.
Bekatlarni har bir murojaat yoki xonadon oldiga alohida joylashtirish transport vositalarining tez-tez to'xtashiga, yo'lning o'tkazuvchanlik qobiliyati pasayishiga, tirbandliklarning yuzaga kelishiga, yoqilg'i sarfining ortishiga hamda yo'l-transport hodisalari xavfining oshishiga sabab bo'lishi mumkin.
Shuningdek, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilmagan joylarda qo'shimcha avtobus bekatlarini qurish loyiha yechimlariga o'zgartirish kiritishni, tegishli vakolatli tashkilotlarning qayta xulosalarini olishni hamda qo'shimcha moliyaviy mablag'lar ajratilishini talab etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Dilkusho ko'chasida avtobus bekatlari tasdiqlangan loyiha asosida belgilangan 4 ta nuqtada quriladi. Kelgusida yo'lovchilar oqimining sezilarli darajada ortishi yoki transport harakatini tashkil etish zarurati yuzaga kelgan taqdirda, qo'shimcha bekatlar tashkil etish masalasi vakolatli tashkilotlar tomonidan amaldagi qonunchilik va texnik me'yorlar asosida ko'rib chiqilishi mumkin.
Eslatma: Bekatlar orasidagi 400–600 metr masofa amaliyotda keng qo'llaniladigan shahar transportini rejalashtirish me'yoridir
