69-DMTT ta’mirlash ishlari davom etmoqda
2026-07-09 14:50:00 / Yangiliklar

Jumladan, Buxoro shahrida 360 o‘ringa mo‘ljallangan 69-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta'mirlanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 9 milliard 288 million so‘mni tashkil etib, qurilish ishlari «Shavkat Mumin» MCHJ quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ayni paytga qadar qurilish ishlarining qariyb 60 foizi bajarilgan. Hozirda binoda beton ishlari, shuningdek, deraza va eshik romlarini o‘rnatish, fasad qismini yangilash ishlari olib borilmoqda. Qurilish maydonida 40 nafar malakali quruvchi mehnat qilib, obyektni belgilangan muddatda sifatli topshirish uchun astoydil harakat qilmoqda.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilgach, 360 nafar bolajon uchun zamonaviy va qulay ta’lim-tarbiya muhiti yaratiladi. Bu esa farzandlarimizning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi, ularning intellektual salohiyati va ijodiy qobiliyatini erta yoshdan rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar kelajak egalari uchun munosib shart-sharoit yaratish, aholiga sifatli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va sohani yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.









