Buxoro shahridagi 45-DMTTda qurilish-ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda
2026-07-07 09:45:00 / Yangiliklar

Qurilish ishlari pudratchi tashkilot «Solo Energia» MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar rejalashtirilgan ishlarning 30 foizi bajarilgan. Ayni paytda binoda deraza va eshik romlarini o‘rnatish, pishiq g‘isht bilan devor terish hamda boshqa qurilish-montaj ishlari belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda. Ob’yektda 20 nafar malakali quruvchi mehnat qilmoqda. Qurilish jarayonlarida belgilangan me’yorlar va sifat talablariga qat’iy rioya etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qurilish ishlarining borishi bilan Buxoro shahar hokimining o‘rinbosari Feruz Xamroyev joyiga chiqqan holda tanishdi. Tanishuv davomida ob’yektda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, qurilish sur’atini yanada jadallashtirish, ishlarni yuqori sifat bilan hamda belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan pudratchi tashkilot va mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur loyiha foydalanishga topshirilgach, shaharda maktabgacha ta’lim qamrovini yanada oshirish, bolalar uchun zamonaviy, xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.








