Buxoro shahrida yana bir maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy qiyofa kasb etmoqda
2026-07-03 20:35:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha tashabbusli byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, qurilish-ta’mirlash ishlarining umumiy qiymati 1 milliard 580 million so‘mni tashkil etadi. Ob’yektda pudratchi "Gʻijduvon umum qurilish sifat" MCHJ quruvchilari tomonidan belgilangan grafik asosida ishlar olib borilmoqda.
Qurilish jarayonida binolarning energiya samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallari hamda issiqlikni saqlovchi texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Bu muassasaning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish va bolalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlangach, 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining qabul quvvati 540 o‘ringa yetkazilib, mahalladagi maktabgacha ta’lim qamrovini yanada kengaytirish imkoniyati yaratiladi.
Tashrif davomida shahar hokimi o‘rinbosarlari quruvchilarga qurilish ishlarining sifati, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etish, ob’yektda xavfsizlik talablarini ta’minlash hamda barcha qurilish-montaj ishlarini amaldagi me’yor va standartlar asosida yakunlash yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.









